Zelenskiy Ukraina Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondonini almashtirdi (video)
Olam
−
22 iyul 3910 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyni lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga general-mayor Mixaylo Drapatiyni tayinladi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
“Ukraina Qurolli kuchlarining yangi Bosh qo‘mondoni lavozimini Mixaylo Drapatiy egallashiga qaror qildim”, deb yozgan Zelenskiy.
Prezidentning aytishicha, Sirskiy Kiyev mudofaasi, Xarkovdagi qarshi hujum va Kursk operatsiyasida muhim natijalarga erishilishini ta’minlagan. U Sirskiy hamda barcha ukrainalik harbiylarga frontdagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirgan.
Zelenskiyning ma’lum qilishicha, u Sirskiy va Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Andrey Gnatov bilan keyingi xizmat faoliyati hamda vazifalarni topshirish tartibini muhokama qilgan.
“Barchamizning istagimiz bitta – dushman ustidan g‘alaba qozonish va Rossiyani tinchlikka majbur qiladigan sharoitni yaratish”, degan u.
Shuningdek, Zelenskiy barcha qarorlar bugun, 22 iyul kuni rasmiylashtirilishini bildirgan.
“22 iyul kuni barcha qarorlarni rasmiylashtiramiz”, deya yozgan u.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Sirskiyning iste’fosi Ukraina harbiy-siyosiy rahbariyatidagi inqiroz fonida yuz bergan. Bunga avvalroq Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovning lavozimidan olinishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Fedorov Sirskiyni harbiy islohotlarga to‘sqinlik qilishda ayblab, uning iste’fosini talab qilgan edi. Zelenskiy esa ikki amaldor o‘rtasidagi munosabatlar jiddiy yomonlashganini tan olgandi.
Sirskiy lavozimidan ketganidan so‘ng Fedorov unga qo‘ng‘iroq qilib, Kiyev viloyati mudofaasi, Xarkov operatsiyasi va boshqa janglardagi xizmatlari uchun minnatdorlik bildirganini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Bosh vazir Yuliya Sviridenkoni bir yil ishlaganidan so‘ng lavozimidan ozod qilgandi. Shuningdek, u davlatning energetika kompaniyasi rahbarini Bosh vazir lavozimiga tavsiya qilgan. Bundan tashqari, Zelenskiy urushning hal qiluvchi bosqichida Mudofaa vaziri Mixaylo Federovni ham ishdan olgandi.
Live
Barchasi