Zelenskiy Tramp va Putin bilan uch tomonlama uchrashuvga rozi bo‘ldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Ukraina rahbari kecha, 27 may kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.

Zelenskiy o‘z nutqi davomida har qanday formatdagi uchrashuvlarga tayyorligini bildirgan.

“Agar Putinga ikki tomonlama uchrashuv to‘g‘ri kelmasa yoki hamma bu uchrashuv uch tomonlama bo‘lishini xohlasa, men qarshi emasman. Men har qanday formatga tayyorman. Tramp – Putin – men”, degan Ukraina rahbari.

Shu bilan birga, Zelenskiy AQSHni Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirishga chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u bu masalani AQSH Prezidenti bilan muhokama qilgan.

“Biz energetika va bank tizimi bo‘yicha ikki asosiy yo‘nalishda suhbatlashdik. AQSH ushbu ikki sohani ham sanksiyalarga qo‘shadimi? Men bunga juda umid qilaman”, deya qo‘shimcha qilgan Zelenskiy.

Qayd etish joij, 23 may kuni Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga Ukraina va Rossiya Prezidentlari – Vladimir Zelenskiy va Vladimir Putin o‘rtasida yuqori darajadagi uchrashuvni tashkil etish ustida ish olib borilayotganini ma’lum qilgan. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa, agar ikki mamlakat muzokarachilari muayyan kelishuvlarga erishsa, Prezident Putin Zelenskiy bilan uchrashishi mumkinligini bildirgan. Biroq qanday kelishuvlar nazarda tutilayotgani ochiqlanmagan.

Ma’lumot uchun, Zelenskiy va Putin shu paytgacha faqat bir marta – 2019 yilning 9 dekabr kuni Parijda bo‘lib o‘tgan “Normandiya formati” sammitida uchrashgan. Uchrashuv bir soatdan ortiq davom etgan bo‘lib, dastlab delegatsiyalar ishtirokida, so‘ng esa yakkama-yakka tarzda o‘tgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni Istanbulda Rossiya va Ukraina delegatsiyalari o‘rtasida so‘nggi uch yil ichida ilk uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuv davomida tomonlar “1000 ga 1000” formatida harbiy asirlar almashinuvi bo‘yicha eng yirik kelishuvga erishdi. Shuningdek, tinchlik kelishuvi shartlari bo‘yicha memorandum ustida ish boshlashga kelishildi.

Uchrashuvdan so‘ng Ukraina Mudofaa vaziri Rustam Umarov navbatdagi muhim qadam sifatida Prezidentlar Zelenskiy va Putin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilishini aytib o‘tdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing