Zelenskiy siyosatchilar ichidagi “eng buyuk savdogar” – Tramp
Olam
−
17 iyun
8373Donald Tramp uchun Vladimir Zelenskiy o‘zi tanigan “eng buyuk savdogarlardan” biri hisoblanadi. Bu haqda u Ogayo shtatining Vandaliya shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingi chog‘ida so‘z ochdi.
Sobiq prezident AQSH Kiyevga shunchaki yordam ko‘rsatish o‘rniga, unga qarz berishi kerakligi haqidagi oldingi fikrini yana bir bor ta’kidladi. U shuningdek, Ukraina davlat rahbari har safar AQSHga tashrif buyurganida cho‘ntaklari to‘la naqd pul bilan Vashingtonni tark etishga muvaffaq bo‘lishini kinoya qildi.
“Biz ularga pul jo‘natmasligimiz kerak, aksincha, pulni qarzga berishimiz lozim. Ularga qarz bering, 60 milliard dollarlik chek topshirmang”, deb xitob qildi u.
Bayden hozirda Kongressni Kiyevga 60 milliard dollarlik qo‘shimcha harbiy yordamni o‘z ichiga olgan 95 milliard dollarlik tashqi yordam loyihasini qabul qilishga undamoqda. Uning ta’kidlashicha, agar qonun loyihasi tasdiqlanmasa, Ukraina Rossiyaga ko‘p hududini berib qo‘yadi. Ushbu loyiha hozirda Respublikachilarning qarshiligi tufayli Kongressda to‘xtab qolgan.
2022 yil fevralida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan buyon Vashington Kiyevning asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lib, unga 113 milliard dollarga yaqin harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatdi.
Donald Tramp esa bu moliyaviy qo‘llovlar fonida Zelenskiyni tarixdagi eng buyuk savdogarlardan biri ekanligini aytdi.
“U har safar mamlakatimizga kelganida 50 yoki 60 milliard dollar bilan chiqib ketadi. Men buni hech qachon qila olmaganman. U mendan ancha yaxshiroq savdogar”, deydi sobiq prezident.
Oq uy, shuningdek, 2022 yilda muzlatilgan Rossiyaning qariyb 285 milliard dollarlik aktivlarini musodara qilish va bu pullarni Ukraina foydasiga rasmiylashtirish variantlarini ko‘rib chiqmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH vitse-prezidenti Kamola Harris Vashington ma’muriyati energiya tizimini tiklash va boshqa ehtiyojlar uchun Ukrainaga 1,5 milliard dollar ajratishini ma’lum qilgandi.