Zelenskiy Rossiyani BMT Xavfsizlik kengashidan chiqarib yuborishni talab qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Birlashgan Millatlar Tashkilotini Rossiyani “terrorchi davlat” deb tan olishga va uni Rossiya Federatsiyasi doimiy a’zosi bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashidan chiqarib yuborishga chaqirdi. 

Kecha, 28 iyun kuni Ukraina tashabbusi bilan BMT Xavfsizlik Kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiyaning raketa hujumlari masalasi muhokama qilindi. Yig‘ilishda videokonferensaloqa vositasi orqali nutq qilgan Zelenskiy shunday deydi: 

“Rossiyaning Ukrainadagi urush masalalarini muhokama qilish va ovoz berishda qatnashish huquqi yo‘q, bu asossiz va mustamlakachilik xarakteriga ega. Men sizni terroristik davlat delegatsiyasini BMT Bosh Assambleyasidagi vakolatlaridan mahrum qilishingizni so‘rayman. Bu mumkin, bu shart, bu adolatdan. Rossiyaning BMT Xavfsizlik Kengashida qolishga haqqi yo‘q”. 

Ukraina rahbarining qayd etishicha, Rossiya BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari faoliyatida ishtirok etishda davom etmoqda va hattoki Rossiya Sovuq urush tugaganidan keyin siyosatchilarning kaltabinligi tufayli ega bo‘lgan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi imtiyozlaridan foydalanib kelmoqda. 

Prezident so‘zida davom etarkan, yig‘ilish ishtirokchilari e’tiborini Kremenchugdagi savdo majmuasiga uyushtirilgan hujumga qaratdi. Rossiya Mudofaa vazirligi hujum 27 iyun kuni Kremenchugdagi AQSH va Yevropa Ittifoqidan keltirilgan qurol-yarog‘ omboriga qilingani, shu bois omborga yaqin bo‘lgan savdo majmuasida yong‘in chiqqanini aytmoqda. Kiyev esa hujum savdo markaziga uyushtirilgani va unda odamlar bo‘lgani haqida bong urmoqda. Shu bois Zelenskiy BMT Xavfsizlik kengashidagi nutqida Rossiyani Kremenchugdagi fojiadan kelib chiqib, terrorizmda aybladi. 

“Biz Rossiyani terrorizm uchun javobgarlikka tortishimiz kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti darajasida davlat terrorizmi konsepsiyasiga huquqiy baho berish kerak, Rossiyaning barcha harakatlariga huquqiy baho berilishi va Rossiya jahon huquqiy tartibini buzayotgani uchun global sanksiyalar qo‘llanilishi kerak”, deydi Ukraina rahbari. 

Zelenskiy BMTga o‘zi terrorchilik harakati deb atayotgan Kremenchugdagi voqealarni tekshirish maqsadida tashkilot Bosh kotibining maxsus vakili yoki komissiya yuborilishini taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

140

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing