Zelenskiy Rossiyani HAMASga homiylik qilishda aybladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning firkicha, Rossiya HAMASga homiylik qilgan. Bu haqda u kecha, 5 noyabr kuni NBC News telekanalidagi “Meet the Press” dasturiga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Albatta, Rossiya Isroil va Falastin o‘rtasidagi inqiroz bilan diqqat Ukrainadan Yaqin Sharqqa qaratilayotganini tushunadi. Shubhasiz, Rossiya bu urushdan xursand. Ular u yerda qancha bola o‘ldirilganini hisoblamaydi. Ular bayroq yoki millat haqida o‘ylamaydi”, degan Zelenskiy.

Prezidentning da’vo qilishicha, Rossiya dunyoni ajratishni, xalqaro e’tiborni Ukrainadan yangi urushga o‘tkazishni xohlaydi. Eron esa Ukrainadagi kabi, Yaqin Sharqda ham Rossiyani qo‘llab quvvatlamoqda.

“Urushni tugatish va muzokaralar stoliga kelish uchun biz Rossiya va Eronga bosim o‘tkazishimiz kerak – bunga Shimoliy Koreyani ham qo‘shgan bo‘lardim. G‘azo sektorida Shimoliy Koreyaning qancha qurollari topilganini ko‘rdingiz. Bu haqiqat, mutlaq haqiqat”, degan Zelenskiy.

Zelenskiydan “Isroil harbiy jinoyatlar sodir etayotganiga ishonasizmi?” deb so‘ralganda esa u quyidagicha javob bergan:

“To‘g‘risini aytsam, biz bunga yangilikdek qaraymiz va bu umuman yangi holat emas. Bu Isroil va Falastin o‘rtasida yonayotgan olov va ba’zi odamlar bu olovga gugurt tashladi. Ishonchim komilki, Rossiya xuddi Eron kabi HAMASni qo‘llab-quvvatlagan va homiylik qilgan. Agar qonunlar, adolat haqida gapiradigan bo‘lsak – terrorchilar bor joyda qonunlar yo‘q, hamma qonundan tashqarida. Hamma o‘z hayotini saqlab qolishga, bor kuchini ishga solib dushmanga qarshi kurashishga harakat qilmoqda. Agar terrorchilar hujum qilsa, bolalarning boshini kesib tashlasa, siz odamlarni himoya qilishga, o‘z fuqarolaringiz va mamlakatingizni himoya qilishga to‘liq huquqingiz bor”, degan Ukraina rahbari.

Shuningdek, Prezident Zelenskiy Isroilga borishga tayyor ekanini yana bir bor eslatgan.

“HAMAS terror tashkiloti Isroilga hujum qilgan birinchi kundanoq biz bu tajovuzni qoraladik va men Isroilga borishga tayyor ekanimni aytdim. Safar qachon bo‘lishini aytish qiyin, chunki men urushayotgan davlatning Prezidentiman va siz bizning jang maydonimiz juda qaynoq ekanini bilasiz, shuning uchun mening tashrifim ma’lum omillarga bog‘liq”, degan Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Yaqin Sharqni anglo-cakson kuchlari katta urush jariga itarayotgani va G‘arbning bu chizig‘i an’anaviy ravishda terrorizmning kuchayishiga hamda ko‘p millionli qochqinlar oqimiga olib kelishini aytgandi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy Falastin Isroil HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing