Zelenskiy Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiya kiritdi
Olam
−
22 yanvar 2022
6437Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining qarorini kuchga kiritdi. Ushbu qaror bilan qator xorijiy kompaniyalarga, xususan, Rossiya kompaniyalariga qarshi sanksiyalar joriy qilindi. Bu haqda Prezident saytida ma’lum qilindi.
“Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashining 2021yil 30 dekabrdagi “Shaxsiy maxsus iqtisodiy va boshqa cheklash choralarini (sanksiyalarini) qo‘llash to‘g‘risida”gi qarori kuchga kiritilsin”, deyiladi farmonda.
Bundan tashqari, kompaniyalar ro‘yxati e’lon qilindi. Ular orasida “Lenmorniiproyekt”, “Lenpromtransproyekt”, “Straxovaya biznes gruppa”, “Geozemstroy”, “Giproshaxt”, “Giprogor”, “Krimsetenergoproyekt” va boshqalar bor.
Qayd etilishicha, cheklov choralari ushbu shaxslarning aktivlarni muzlatish - shaxsning o‘z mulkidan foydalanish va uni tasarruf etish huquqini vaqtincha cheklash; eksport-importni taqiqlash nuqtai nazaridan savdo operatsiyalarini cheklash; rezident korxonalar bilan qayta ishlash operatsiyalari; litsenziyalar va ruxsatnomalarni bekor qilish yoki to‘xtatib turish va hokazolarni o‘z ichiga oladi.
Aytish joizki ushbu cheklovlarning muddati besh yil.
Ma’lumot o‘rnida, AQSH Rossiyaning Ukrainaga “bosqini” joriy yil yanvar-fevral oylarining o‘rtalarida boshlanishi mumkinligini ma’lum qildi.
Bunga javoban Rossiyaning Vashingtondagi elchixonasi Oq uyning Ukrainaga bosqin uyushtirish vaqti haqidagi bayonotini soxta va axborot bosimi deya atagan.
“Conflict Intelligence Team” (CIT) esa Rossiya “Iskandar” raketalar majmuasini va yana boshqa og‘ir texnikalarni g‘arbiy chegaralari tomon tashiyotganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, raketalar kompleksi va zirhli artilleriya ortilgan poyezdlar mamlakat Sharqiy harbiy okrugidan g‘arbga tomon harakatlangan.
Shu o‘rinda, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili ham Britaniya Ukrainaga qurol yuborayotganini, allaqachon oltita reys kelganini aytdi.
Bundan tashqari, Kanada ham maxsus topshiriqlar bo‘linmasining kichik kontingentini NATO harbiy alyansi va Rossiya o‘rtasidagi ziddiyat kuchaygan bir paytda Ukrainaga joylashtirdi. Shuningdek, Buyuk Britaniya Qurolli Kuchlarining maxsus operatsiyalar uchun tashkil etilgan elita harbiy bo‘linmasining 30 nafar jangchisini Ukrainaga yubordi.
LiveBarchasi