Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar natijasini ochiqladi
Olam
−
01 mart 2022
63295Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev Moskva bilan muzokaralarda hali kerakli natijani olmaganini, Ukraina rasmiylari delegatsiya qaytib kelib, muzokara jarayonini tahlil qilgandan so‘ng, muzokaralarning ikkinchi bosqichiga o‘tish haqida qaror qabul qilishini aytdi. Ukraina rahbarining murojaati aks etgan video uning idorasining Telegram -kanaliga joylashtirildi.
“Hozircha biz xohlagan natijaga erisha olmadik”, deydi Zelenskiy Belarusda bo‘lib o‘tgan Rossiya bilan muzokaralarga ishora qilib.
"Rossiya o‘z pozitsiyalarini e’lon qildi, urushni tugatish uchun bizdan kontrpunktlar yangradi. Biz ba’zi signallarni oldik. Delegatsiya Kiyevga qaytib kelgach, biz eshitganlarimizni tahlil qilamiz va keyin muzokaralarning ikkinchi bosqichiga qanday o‘tishni belgilaymiz”, deydi u.
Zelenskiy yana bir bor G‘arb davlatlari va butun xalqaro hamjamiyatni Rossiyaga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llashga chaqirgan.
U, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqi (YeI)ga qo‘shilishi uchun ariza topshirganini aytdi.
"Biz buni 30 yildan beri kutdik va men YeI arizasini imzoladim. Ariza allaqachon Bryusselga yetkazilgan, imzolanishini kutmoqdamiz. Vaqt keldi!", degan Ukraina Prezidenti.
Muzokaralar haqida
Rossiya-Ukraina muzokaralari 28 fevral kuni Minskda bo‘lib o‘tdi, uchrashuv besh soat davom etdi. Rossiya delegatsiyasiga Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy boshchilik qildi. Unga, shuningdek, Mudofaa vazirligi va Tashqi ishlar vazirligi rahbarlarining o‘rinbosarlari Aleksandr Fomin va Andrey Rudenko, Davlat Dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy ham qo‘shildi.
Ukraina tomonidan mudofaa vaziri Oleksiy Reznikov, prezident devonining maslahatchisi Mixail Podolyak, hukmron “Xalq xizmatkori” partiyasi fraksiyasi rahbari David Araxamiya, Donbassda joylashtirish bo‘yicha aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Andrey Kostin, deputat Rustem Umerov va Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nikolay Tochitskiy ishtirok etdi.
Rossiya va Ukraina delegatsiyalari bir necha kun ichida Belarus-Polsha chegarasida navbatdagi muzokaralarni o‘tkazadi.
LiveBarchasi