Zelenskiy Rossiya armiyasi Shimoliy Koreya askarlari bilan to‘ldirilayotganini e’lon qildi
Olam
−
14 Oktabr
8841Shimoliy Koreya Rossiyani nafaqat qurol-yarog‘ bilan ta’minlaydi, balki o‘z fuqarolarini Rossiya armiyasida Ukrainaga qarshi jangga jo‘natadi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy fuqarolariga kechki murojaatida aytib o‘tdi.
“Biz Rossiya va Shimoliy Koreya kabi rejimlar o‘rtasidagi ittifoq kuchayib borayotganini ko‘ramiz. Bu suhbat endi faqat qurollarni uzatish haqida emas. Bu suhbat aslida Shimoliy Koreyadan bosqinchi harbiy kuchlarga odamlarni o‘tkazish haqida”, dedi Zelenskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday sharoitda Ukraina fronti g‘arblik hamkorlardan “ko‘proq yordamga muhtoj”.
“Biz Ukraina uchun kengroq masofa va kuchlarimizni yanada hal qiluvchi ta’minlash haqida gapiradigan bo‘lsak, bu shunchaki harbiy imkoniyatlar ro‘yxati emas. Bu tajovuzkorga bosimning kuchayishi haqida, Rossiya uchun ular bardosh bera oladiganidan kuchliroq bo‘ladi" dedi Zelenskiy.
Oktyabr oyi boshida “The Times” gazetasi Rossiya armiyasi Ukrainaga qarshi urushda har yili foydalanadigan uch million artilleriya o‘qlarining qariyb yarmini olgani haqida xabar berdi. Shu bilan birga, Ukraina manbalarining “The Guardian”ga ma’lum qilishicha, KXDR harbiy muhandislari Rossiya qo‘shinlariga Shimoliy Koreyaning KN-23 raketalari bilan Ukrainaga zarba berishda yordam bermoqda.
O‘z navbatida, “The Washington Post” gazetasi Ukraina va Janubiy Koreya rasmiylariga tayanib, Shimoliy Koreya askarlari allaqachon Rossiya tomonida janglarda qatnashayotganini yozgan. Bundan tashqari, KXDRdan bir necha ming harbiy xizmatchilar keyinchalik frontga jo‘natish uchun Rossiya o‘quv lagerlarida o‘qitilmoqda.
KXDR harbiylarini Ukrainaga yuborishi haqida Janubiy Koreya Mudofaa vaziri Kim Yon Xyon ham aytgan.
"Rossiya va Shimoliy Koreya harbiy ittifoqqa o‘xshash o‘zaro shartnoma imzolaganligi sababli, bunday joylashtirish ehtimoli katta", degan u mamlakat parlamentida.
Shu bilan birga, u Ukrainada xabar qilingan birinchi Shimoliy Koreya zobitlarining Donbassda halok bo‘lgani haqidagi ma’lumotlar haqiqat ekanini ham inkor etmadi.
20 iyun kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Rossiya Shimoliy Koreya harbiylarini Ukrainadagi jangovar harakatlarga jalb etishni rejalashtirmayotganini aytdi va “buning hojati yo‘qligini” ta’kidladi. Biroq 27 iyun kuni KXDRning Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlariga muhandislik qo‘shinlarini yuborish niyati haqida ma’lumot paydo bo‘ldi. Janubiy Koreya hukumatiga ko‘ra, Moskva ushbu xizmatlar uchun haq to‘lashga va’da bergan. Pentagon bunday ma’lumotni izohlar ekan, Shimoliy Koreya askarlari va zobitlari Ukrainaga yuborilsa, "to‘p yemi"ga aylanishini aytdi.
Muhammad Hodiyev