Zelenskiy Rossiya-AQSH muzokaralarini Ukrainaga qo‘yilgan ultimatum bilan taqqosladi
Olam
−
18 fevral
11985Saudiya Arabistonida Rossiya va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida “Ukraina bo‘yicha Ukraina ishtirokisiz” muzokaralar olib borildi va Kiyev hech qachon Moskvaning ultimatumlariga rozi bo‘lmaydi. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bugun, 18 fevral Turkiyada so‘z ochdi.
Zelenskiyning eslatishicha, bosqin boshida Rossiya Ukrainaga ultimatum qo‘yib, o‘z armiyasi sonini kamaytirish, ayrim hududlardan voz kechish va rossiyaparast rahbariyatni tayinlashni talab qilgan.
“Menda shunday taassurot borki, hozir qandaydir muzokaralar bo‘lib o‘tmoqda va ular xuddi shunday kayfiyatda ketmoqda, lekin ular Rossiya vakillari va Amerika Qo‘shma Shtatlari vakillari o‘rtasida bo‘lib o‘tmoqda. Ukraina haqida, yana Ukraina haqida va Ukrainasiz. Qiziq, agar eng qiyin paytda biz bu ultimatumlarning barchasiga ko‘nmagan bo‘lsak, Ukraina bo‘yicha bunday qarash hozir qayerdan keladi?” dedi Zelenskiy.
Ukraina Prezidenti Turkiyaga safari chog‘ida Rossiya-Amerika uchrashuvi tufayli Saudiya Arabistoniga safarini kechiktirishga qaror qilinganini ma’lum qildi.
“Biz Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tadigan ushbu Rossiya-Amerika uchrashuviga taklif qilinmadik. Bu biz uchun kutilmagan voqea bo‘ldi. O‘ylaymanki, bu ko‘pchilik uchun kutilmagan voqea bo‘ldi”, dedi u.
Zelenskiy bunday vaziyatda u “tasodif”lardan qochishni xohlaganini aytdi.
"Men u yerda kim qolishi va kim ketishi, kim qayerga ketayotganini bilmayman. Rostini aytsam, menga farqi yo‘q. Hamkorlarimiz biz haqimizda nima deb o‘ylashlari menga qiziq emas. Biz butunlay halol, ochiqmiz. Men tasodiflarni xohlamayman. Shuning uchun ham Saudiya Arabistoniga bormayman. Biz Saudiya Arabistonidagi hamkorlarimiz bilan bog‘landik, men oliy hazratlari Muhammad (bin Salmon Ol Saud) bilan yaxshi munosabatdaman va 10 mart kuni rasmiy tashrifimga kelishib oldik”, dedi Zelenskiy.
Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev viloyatining bosib olinishida ukrainaliklar va rossiyaliklar o‘rtasida hech qanday kelishuv bo‘lmagan, Belarusdagi uchrashuvda ham, Turkiyadagi uchrashuvda ham hech qanday kelishuv bo‘lmagan.
“Ukraina Prezidenti sifatida men hech kimga hech narsani kafolatlaganim yo‘q, hech kimga hech narsani tasdiqlaganim yo‘q. Bundan tashqari, men Rossiyaning ultimatumlariga bo‘ysunmoqchi emas edim. Va hozir ham bunday niyatim yo‘q”, deya ta’kidladi Prezident.
Ma’lumot uchun, Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Rossiya va Amerika delegatsiyalari o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida Rossiya Federatsiyasi va AQSH prezidentlari Vladimir Putin va Donald Trampning ehtimoliy uchrashuvi muhokama qilindi. Uchrashuv yakunida tomonlar Rossiyaning Ukrainadagi urushini tugatish masalasini muhokama qilish uchun muzokarachilarni tayinlashga ham kelishib oldi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Davlat departamenti kecha, 17 fevral kuni Rossiya delegatsiyasi bilan uchrashuvni Ukraina bo‘yicha “muzokaralar”ning boshlanishi sifatida emas, balki prezidentlar Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi telefon suhbatining davomi sifatida ko‘rib chiqishga chaqirgandi.
LiveBarchasi