Zelenskiy Putinning tinchlik memorandumi haqidagi bayonotiga javob berdi
Olam
−
20 may 14793 2 daqiqa
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatdan so‘ng Ukraina bilan kelajakdagi tinchlik shartnomasi bo‘yicha memorandum ustida ishlashga tayyorligi haqida e’lon qilgandi. Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning ushbu bayonotiga izoh berdi.
Zelenskiy ham o‘z navbatida Ukraina tomoni bu hujjat ustida ish boshlashga tayyorligini bildirdi, biroq buning uchun avval Rossiya tomoni rasmiy taklif yuborishi kerakligini ta’kidladi.
“Men sizga memorandumga nimalar kiritilishi haqida javob bera olmayman, chunki hozircha bunday ma’lumotga ega emasman. Mening prinsiplarim esa Prezident Trampga ma’lum bo‘lgan prinsiplar”, dedi Zelenskiy.
Shu bilan birga, u Ukraina harbiylari Rossiya tomonidan egallangan hududlardan olib chiqilmasligini qat’iy ta’kidladi.
“Bu mening konstitutsiyaviy burchim, bu bizning harbiylarimizning majburiyati – Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish. Ha, hozirda agressiya natijasida bosib olingan hududlar bor. Ammo hech kim o‘z yerini, o‘z fuqarolarini topshirmaydi”, deya bayon qildi Zelenskiy.
Uning aytishicha, bu masala Tramp va uning jamoasi bilan bir necha bor muhokama qilingan.
“Agar Rossiya shart sifatida bizning askarlarni o‘z yerimizdan chiqarishni qo‘yayotgan bo‘lsa demak, ular o‘t ochishni to‘xtatishni istamayapti. Chunki ular juda yaxshi biladi: Ukraina bunday qadamni qo‘ymaydi”, deya xulosa qildi Ukraina Prezidenti.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tgan edi.
Putin suhbat ikki soat davom etganini, uni ochiq, mazmunli va foydali deb baholaganini ma’lum qildi hamda Trampga Rossiya-Ukraina o‘rtasida bevosita muzokaralarni tiklashdagi ishtiroki uchun minnatdorlik bildirdi.
Putin, shuningdek, Rossiya Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatishni o‘z ichiga olgan memorandum ustida ishlashga tayyorligini aytgan. Uning fikricha, barcha tomonlar uchun maqbul bo‘lgan murosani topish lozim.
Keyinchalik Tramp ham ushbu suhbat yuzasidan izoh berib, Rossiya va Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralarni boshlashini yozdi. U, shuningdek, bu haqda Ukraina Prezidenti, Yevrokomissiya rahbari va boshqa Yevropa yetakchilarini xabardor qilganini bildirdi.