Zelenskiy Putin bilan Qozog‘istonda muzokara o‘tkazishga tayyorligini aytdi (video)

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan ehtimoliy muzokaralar olib borish joyi haqida fikr bildirdi va Qozog‘istonda ham uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini aytdi. Bu haqda Ukraina rahbari “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Davlat rahbari jurnalistning savoliga javoban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvga roziligini tasdiqlagan. Shu bilan birga, u Moskvaga borib muzokara o‘tkazolmasligini, ammo boshqa variantlarga ochiqligini ta’kidlagan.

“Biz uchrashuv uchun turli joylarni taklif qildik – Turkiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, neytral Yevropa mamlakatlari, masalan, Avstriya yoki Shveysariya. Agar xohish bo‘lsa, Qozog‘istonda ham uchrashish mumkin”, degan Zelenskiy. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin uchrashuvlardan bosh tortib, urushni davom ettirishni ma’qul ko‘rmoqda.

U tashabbuslar faqat Ukraina tomonidan emas, balki AQSH Prezidenti Donald Tramp, Yevropa rahbarlari, jumladan, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron hamda Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an tomonidan ham ilgari surilganini alohida urg‘ulagan. 

Davlat rahbarining bildirishicha, Putin urushni kengaytirishga intilmoqda va nafaqat Ukrainada, balki boshqa hududlarda ham davom ettirishi mumkin. 

“Ular davom ettirishlarini ko‘rsatmoqchi. Shu sababli u har qanday uchrashuvlarni: ikki tomonlama yoki ko‘p tomonlama bo‘lsin barchasini ortga surmoqda”, degan Ukraina Prezidenti. 

Qayd etish joiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Xitoyga tashrifi yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Zelenskiy Moskvaga kelsa, uchrashuv o‘tkazishi mumkinligini bildirgandi.

Ukraina Tashqi ishlar vaziri bu fikrga javoban Putinni “qabul qilib bo‘lmaydigan shartlar qo‘yib, manipulyatsiya qilish”da ayblagan.

Keyinchalik Zelenskiy Parijdagi matbuot anjumanida ham Putinning taklifiga munosabat bildirib, Moskvada uchrashishni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Nyu-Yorkda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev bilan uchrashgandi. Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlari iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik masalalarini muhokama qilgan. Vladimir Zelenskiy Ukraina hududidagi vaziyat yuzasidan o‘z qarashlarini bayon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Donal'd Tramp Rajab Toyib Erdo'g'an Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing