Zelenskiy prezidentlikdan qachon ketishini aytdi
Olam
−
25 Sentabr 13754 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan urush tugaganidan keyin prezidentlik lavozimini tark etishga tayyorligini aytdi. Shuningdek, u o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga erishilsa, Ukrainada saylovlar o‘tkazish tashabbusi bilan chiqishini bildirdi. Prezident bu haqda Amerikaning “The Axios Show” dasturiga bergan intervyusida gapirdi.
“Urush tugagach, o‘z ishingizni tugallangan deb hisoblaysizmi?”, degan savolga Zelenskiy iste’foga chiqishga “tayyor” ekanini bildirdi.
“Mening maqsadim – saylovda qatnashishni davom ettirish emas, urushni tugatish”, deydi u.
Ukraina Prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish davrida saylov o‘tkazish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkinligini aytdi.
“Biz bu vaqtdan foydalanishimiz mumkin va men parlamentga ishora qila olaman”, deya aniqlik kiritdi u saylovga tayyorgarlikni boshlash haqida.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u odamlar tinchlikka erishish uchun zarur bo‘lgan muhim qarorlarni qabul qilish uchun “yangi mandatga ega bo‘lgan rahbarni” xohlashlari mumkinligini tushunadi. Biroq Ukraina Prezidenti harbiy harakatlar paytida o‘z lavozimini tark etishi yoki yangi saylovlarda qatnashishdan bosh tortishi mumkinligini to‘g‘ridan to‘g‘ri aytmagan.
Zelenskiy shuningdek, agar Rossiya urushni tugatmasa, uning rasmiylari “eng yaqin bomba boshpanasi qayerda ekanligini bilishlari kerak”ligini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina tinch aholini bombalamaydi. Biroq, u Rossiya kuch markazlari, jumladan, Kreml ham zarba zonasida bo‘lishi mumkinligini yashirmadi.
“Ular bomba boshpanalari qayerda ekanligini bilishlari kerak. Agar ular urushni to‘xtatmasalar, baribir ularga kerak bo‘ladi. Biz Ukrainada har kuni javob berishimizni tushunishlari kerak. Agar bizga hujum qilsalar, javob beramiz”, deydi Zelenskiy
Uning ta’kidlashicha, u Rossiya nishonlari – energetika infratuzilmasi va mudofaa inshootlariga zarba berishda AQSH Prezidenti Donald Trampning aniq yordamiga ega. Zelenskiyning qo‘shimcha qilishicha, agar Kiyev AQSHdan qo‘shimcha uzoq masofali qurol olsa, ulardan foydalanadi.
Ukraina yetakchisining aytishicha, u Tramp bilan uchrashuvida aniq bir talabni qo‘ygan: yangi qurol tizimi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni muzokaralar stoliga o‘tirishga majbur qiladi. AQSH Prezidenti bu borada ishlashga va’da bergan.
Live
Barchasi