Zelenskiy Makron bilan NATO sammitiga tayyorgarlikni muhokama qildi
Olam
−
01 may 2023
3644Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy fransiyalik mavqedoshi Emmanuel Makron bilan bir oy ichida ikkinchi marta telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda Zelenskiy o‘z bayonotida aytib o‘tdi.
“Biz Ukraina tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlashini mustahkamlash uchun boshqa xalqaro hamkorlar bilan ishlashni muhokama qildik. Muhim xalqaro tadbirlar arafasida pozitsiyalarni muvofiqlashtirdik va ikki tomonlama muloqot doirasidagi keyingi aniq qadamlar bo‘yicha kelishib oldik”, degan Ukraina Prezidenti.
Zelenskiyning aytishicha, Makron bilan suhbat chog‘ida u Fransiyaga Ukrainani har tomonlama va samarali qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan. Shuningdek, u Fransiya Prezidentiga frontdagi vaziyat va uning may-iyun oylarida rivojlanish istiqbollari haqida batafsil ma’lumot bergan.
“Men Ukraina mudofaa kuchlarining ustuvor ehtiyojlariga alohida e’tibor qaratdim. Javob berishning tezligi va o‘ziga xosligi juda muhim, bu bizning imkoniyatlarimizni sezilarli darajada oshiradi. Biz Fransiyaning Qurolli Kuchlarimizni kuchli zirhli paketlar bilan ta’minlaganini qadrlaymiz”, deydi Zelenskiy.
Shuningdek, u suhbat chog‘ida NATOning Vilnyusdagi sammitiga tayyorgarlik ko‘rishga alohida e’tibor qaratib, Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha qat’iy va aniq qarorlar qabul qilinishi va uni NATOga taklif qilish tartibini boshlash lozimligini ta’kidlagan.
LiveBarchasi