Zelenskiy Kurskning bir qismini Ukraina yerlariga almashtirmoqchi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar olib borilgan taqdirda Moskvaga Ukraina Qurolli kuchlari nazoratidagi Kursk viloyatidagi hududlarni Rossiya armiyasi nazorati ostidagi Ukraina yerlariga almashtirishni taklif qilishini tan oldi. Bu haqda Zelenskiy Britaniyaning “The Guardian” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“Biz bir hududni boshqasiga almashtiramiz”, dedi Zelenskiy.

U Kiyev Kursk viloyatining bir qismi o‘rniga Rossiya tomonidan bosib olingan hududning qaysi qismini so‘rashini hozircha bilmasligini aytdi.

“Bilmayman, ko‘ramiz. Ammo bizning barcha hududlarimiz muhim, bu yerda ustuvorlik yo‘q”, deb ta’kidladi Ukraina Prezidenti.

Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralarga tayyor ekanini, biroq o‘z mamlakati kuchli pozitsiyadan turib harakat qilishini istashini bildirdi.

Shuningdek, Prezident amerikalik kompaniyalarga Ukrainani tiklash bo‘yicha shartnomalar va investitsiyalarni rag‘batlantirishga tayyorligini ta’kidladi. Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, urushni tugatish uchun Kiyev nafaqat Yevropadan, balki AQSHdan ham xavfsizlik kafolatlarini olishi kerak.

AQSHning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts NBC telekanaliga bergan intervyusida Vashington urushni tugatishdan manfaatdor, biroq Kiyev uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi Yevropaga ishonib topshirilishini aytgan edi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp, o‘z navbatida, Oq uy nodir yer metallari evaziga Ukrainaga harbiy yordamni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

“Bloomberg” agentligining xabar berishicha, AQSH Moliya vaziri Skott Bessent shu hafta Ukrainaga tashrif buyurib, Vashingtonning Ukraina mineral resurslariga kirishini muhokama qiladi. Bu Tramp ma’muriyati rasmiysining Kiyevga ilk safari bo‘ladi.

Zelenskiy, o‘z navbatida, fevral oyi boshida Ukraina metall qazib olish bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanligini ma’lum qilgan edi. 

2024 yil avgust oyida Ukraina harbiylari Kursk viloyatining bir qismini egallab oldi. Olti oylik janglardan so‘ng Rossiya armiyasi hududning bir qismini qayta nazoratga olishga muvaffaq bo‘ldi, biroq qator aholi punktlari, jumladan, viloyat markazi Sudja ham Ukraina Qurolli kuchlari nazoratida.

Anneksiya qilingan Qrimdan tashqari, Donbassning muhim hududlari, shuningdek, Xerson va Zaporoje viloyatlarining bir qismi Rossiya nazorati ostida.

Kreml avvalroq Ukraina bilan muzokaralar olib borish uchun hozirgi voqeliklarni hisobga olish kerakligini aytgan edi.

Shu bilan birga, Donald Tramp batafsil ma’lumot bermasdan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefonda gaplashganini, Amerika yetakchisining so‘zlariga ko‘ra, “odamlar jang maydonida o‘lishni bas qilishni xohlayotganini” aytdi.

Tramp urushni tugatishga vositachilik qilmoqchi ekanligini aytdi, biroq o‘z rejasi haqida hech qanday ma’lumot bermadi.

10 fevral kuni “Fox News” telekanalining ikki tomonni muzokaralar stoliga o‘tkazish istiqbollari haqidagi savoliga Tramp buning imkoni borligini va o‘tgan haftada “katta taraqqiyot”ga erishilganini aytdi.

Kreml ham Ukraina bo‘yicha AQSH bilan aloqalar soni ortganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing