Zelenskiy Kaxovka GESiga bordi

Olam

image

Bugun, 8 iyun kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Xerson viloyatiga borib, Kaxovka GESi to‘g‘oni portlashi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda u o‘zining Telegram-kanalida yozgan.

“Ko‘plab muhim masalalar mavjud: tabiiy ofat oqibatida yuzaga kelgan tezkor vaziyat, aholini sel bo‘lishi mumkin bo‘lgan hududlardan evakuatsiya qilish, to‘g‘on portlashi oqibatida yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni bartaraf etish, suv bosgan hududlarda hayotni tashkil etish. Shuningdek, mintaqa ekotizimini yangilash istiqbollari va texnogen falokat zonasidagi operativ harbiy vaziyat masalalarini hal qilish kerak”, deb yozgan Zelenskiy.

Ukraina rahbari yo‘qotishlarni hisoblash va tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan aholiga tovon puli to‘lash uchun mablag‘ ajratish, zararni qoplash yoki Xerson ichidagi korxonalarni ko‘chirish dasturini ishlab chiqish muhimligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi to‘g‘on portlashi oqibatida vayron bo‘lgandi. Buning oqibatida aholi yashash punktlari suv ostida qoldi va Xerson viloyatida favqulodda holat joriy qilindi. BMT Xavfsizlik kengashi ham mazkur masalani ko‘rib chiqdi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Rossiya Tergov qo‘mitasi Kaxovka GESi vayron qilinishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. NATO, Yevropa Kengashi va Germaniya esa portlashda Rossiyaning qo‘li borligini aytdi. Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Ukraina GESga hujum qilishni reja qilganini oldindan bilganini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Zelenskiy Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing