Zelenskiy ilk bor 20 bandli tinchlik rejasi mazmunini ochiqladi

Olam

image

Ukraina, AQSH va Rossiya so‘nggi ikki oy davomida muhokama qilib kelayotgan tinchlik rejasi 20 banddan iborat. Biroq asosiy siyosiy hujjatdan tashqari, yo‘nalishlar bo‘yicha alohida qo‘shimcha hujjatlar ham mavjud. Bu haqda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning jurnalistlar bilan uchrashuvdagi so‘zlariga tayanib, RBK-Ukraina xabar berdi.

Zelenskiyning aytishicha, hozirda Ukraina, AQSH, Yevropa va Rossiya o‘rtasidagi siyosiy hujjat – tinchlik rejasining dastlabki loyihasi muhokama qilinmoqda. Rejaning 20 bandida boshqa ehtimoliy hujjatlarga havolalar mavjud.

Tinchlik rejasidan tashqari quyidagi hujjatlar ham bor:

  • xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha uch tomonlama hujjat: Ukraina, AQSH va Yevropa;
  • ikki tomonlama hujjat: AQSH tomonidan Ukrainaga beriladigan xavfsizlik kafolatlari;
  • Ukrainani farovon rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi – AQSH bilan birgalikda ishlab chiqilgan, 2040 yilgacha bo‘lgan tiklanish va iqtisodiy rivojlanish konsepsiyasini o‘z ichiga olgan hujjat.

Ukraina uchun tinchlik rejasi: 20 bandda nimalar bor?

1. Ukrainaning suvereniteti tasdiqlanadi.

2. Rossiya va Ukraina o‘rtasida hech qanday shartsiz tajovuz qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv nazarda tutiladi. Aloqa chizig‘ida monitoring mexanizmi yaratiladi.

3. Ukraina mustahkam xavfsizlik kafolatlariga ega bo‘ladi.

4. Tinchlik davrida Ukraina Qurolli kuchlari soni 800 ming nafar darajasida belgilanadi.

5. AQSH, NATO va Yevropa Ukrainaga NATOning 5-moddasiga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini beradi. Agar Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, harbiy javob beriladi va sanksiyalar qayta tiklanadi. Agar Ukraina Rossiyaga bostirib kirsa yoki provokatsiyasiz Rossiya hududiga o‘q uzsa, xavfsizlik kafolatlari bekor qilinadi. Agar Rossiya Ukrainaga qarata o‘q uzsa, xavfsizlik kafolatlari kuchga kiradi. Shuningdek, AQSHga kafolatlar evaziga kompensatsiya masalasi bo‘yicha qo‘shimcha bo‘lgan, ammo hozir u olib tashlangan. Ushbu kelishuv doirasida ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari ham istisno etilmaydi. Xususan, “ko‘ngillilar koalitsiyasi” davlatlari xavfsizlik kafolatlarida ishtirok etishi mumkin.

6. Rossiya Yevropa va Ukraina bilan bog‘liq tajovuz qilmaslik siyosatini barcha zarur qonunlarda mustahkamlaydi.

7. Ukraina aniq belgilangan vaqtda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi hamda Yevropa bozoriga qisqa muddatli imtiyozli kirish huquqini oladi. Ukraina uchun YeI a’zoligi xavfsizlik kafolatlarining bir qismi hisoblanadi va Ukraina a’zolik sanasini mustahkamlashni xohlaydi.

8. Ukraina uchun mustahkam global rivojlanish paketi nazarda tutiladi. U alohida investitsiya kelishuvida belgilanadi va quyidagilarni o‘z ichiga oladi: investitsiyalar uchun rivojlanish fondi, gaz infratuzilmasini rivojlantirish, hududlarni qayta tiklash, foydali qazilmalar va tabiiy resurslarni qazib olish.

9. Tiklanish masalalarini hal etish uchun bir nechta fondlar tashkil etiladi. Maqsad – 800 milliard dollar jalb qilish.

10. Mazkur kelishuvdan so‘ng Ukraina AQSH bilan erkin savdo bitimini tuzish jarayonini tezlashtiradi. AQSHning pozitsiyasi shundan iboratki, ular Ukraina bilan ham, Rossiya bilan ham erkin savdo bitimi haqida gapirmoqda.

11. Ukrainaning yadrosiz maqomi.

12. Zaporoje atom elektr stansiyasi masalasi. Bu borada murosaga kelinmagan. AQSH Ukraina, AQSH va “rossiyaliklar” o‘rtasida qo‘shma boshqaruvni taklif qilmoqda – uch tomon teng ulushda dividend oladi. AQSH “33 foiz – 33 foiz – 33 foiz” variantini taklif qilmoqda va bunda asosiy menejer AQSH bo‘ladi. Ukrainaning murosaviy taklifi: AES AQSH va Ukraina tomonidan 50 ga 50 asosida boshqariladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasining 50 foizi Ukrainaga beriladi, qolgan 50 foiz bo‘yicha esa AQSH o‘zi taqsimotni belgilaydi. Shu bilan birga, AES, Enerxodar va Kaxovka GES demilitarizatsiya qilinishi kerak.

13. Ukraina va Rossiya maktablarda va butun jamiyatda turli madaniyatlarni tushunish va ularga bag‘rikenglikni rivojlantiruvchi, irqchilik va kamsitishlarni bartaraf etishga qaratilgan ta’lim dasturlarini joriy etish majburiyatini oladi. Ukraina diniy bag‘rikenglik va ozchilik tillarini himoya qilish bo‘yicha YeI qoidalarini joriy qiladi.

14. Hududlar masalasi – eng murakkab band. Taklif quyidagicha bo‘lgan: Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlarida ushbu kelishuv imzolangan sanadagi qo‘shinlar joylashuvi de-fakto aloqa chizig‘i sifatida tan olinadi. Kelishuv kuchga kirishi uchun Rossiya o‘z qo‘shinlarini Dnepropetrovsk, Nikolayev, Sumi va Xarkov viloyatlaridan olib chiqishi kerak. 

Ukrainaning pozitsiyasi. Zelenskiyning tushuntirishicha, Rossiya Ukrainaning Donetsk viloyatidan chiqishini xohlaydi, AQSH esa murosa sifatida erkin iqtisodiy zona taklif qilmoqda. Agar “qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda qolamiz” variantiga kelishilmasa, erkin iqtisodiy zona faqat referendum orqali qabul qilinishi mumkin. Shu bilan birga, Zelenskiy AQSH referendum o‘tkazishni xohlayotganini, biroq ovozga alohida masala emas, balki butun hujjat qo‘yilishi kerakligini ta’kidlagan. Referendum o‘tkazish uchun kamida 60 kun kerak bo‘ladi va bu davrda real o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lishi lozim.

15. Kelajakdagi hududiy masalalar kelishib olingach, Rossiya ham, Ukraina ham bu kelishuvni kuch ishlatib o‘zgartirmaslik majburiyatini oladi.

16. Rossiya Ukrainaga Dnepr daryosi va Qora dengizdan tijoriy maqsadlarda foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi. Alohida dengiz kelishuvi va kirish to‘g‘risidagi bitim tuziladi, u kemalar qatnovi va yuk tashish erkinligini qamrab oladi. Ushbu kelishuv doirasida Kinburn qo‘ltig‘i demilitarizatsiya qilinadi.

17. Ochiq masalalarni hal qilish uchun gumanitar qo‘mita tuziladi. “Barchaga barchani” tamoyili asosida harbiy asirlar almashinuvi, bolalar va siyosiy mahbuslarni ham o‘z ichiga olgan tinch aholi garovdagilarini qaytarish, mojarodan jabrlanganlarning muammolari va azob-uqubatlarini bartaraf etish masalalari hal qilinadi.

18. Ukraina kelishuv imzolangach, imkon qadar tezroq saylovlar o‘tkazishi kerak.

19. Ushbu kelishuv yuridik jihatdan majburiy bo‘ladi. Uning ijrosi Tinchlik kengashi tomonidan nazorat qilinadi va kafolatlanadi, kengashga Tramp raislik qiladi. Buzilish holatlarida sanksiyalar nazarda tutiladi.

20. Barcha tomonlar kelishuvga rozi bo‘lgach, darhol to‘liq o‘t ochishni to‘xtatish kuchga kiradi.

Shuningdek, Ukraina kelishuvni parlamentda ratifikatsiya qilish yoki uni tasdiqlash uchun umumxalq referendumini o‘tkazishi ko‘zda tutilmoqda. Ukraina referendumni saylovlar bilan bir vaqtda o‘tkazishga qaror qilishi mumkin.

Kelishuv tomonlar o‘z majburiyatlarini bajargach kuchga kiradi. Xavfsizlik kafolatlari faqat kelishuv to‘liq ratifikatsiya qilingandan yoki referendum orqali ma’qullangandan keyingina amal qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina tinchlik rejasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing