Zelenskiy Erdo‘g‘anga Kiyev ehtiyojlari ro‘yxatini yubordi 

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy turkiyalik mavqedoshi Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon muloqotida Kaxovka GESining vayron qilinishi masalasini muhokama qildi va unga halokat oqibatlarini bartaraf etish uchun Kiyevning ehtiyojlari ro‘yxatini topshirdi. Bu haqda u o‘zining Twitter sahifasida yozdi. 

“Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan telefon orqali suhbatlashdik. Rossiyaning Kaxovka GESidagi terrorchilik aktining gumanitar va ekologik oqibatlari, shu jumladan Zaparoje AESi uchun xavflari haqida gapirdim. Falokatni bartaraf etish uchun Ukrainaning shoshilinch ehtiyojlari ro‘yxatini topshirdim”, deydi Zelenskiy. 

Shuningdek, u Ukraina hududidan Rossiya qo‘shinlarini olib chiqishda Turkiyaning ovozi muhim ekanini qayd etgan. Zelenskiyning aytishicha, noqonuniy hibsga olingan fuqarolarni, xususan, qrim-tatarlarni qaytarish, g‘alla tashabbusini davom ettirish va kengaytirish masalasida ham Anqara muhim ahamiyatga ega.

Kreml esa Putin va Erdo‘g‘an suhbatida Rossiya-Turkiya hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilinganini bildirgan. Rasmiy bayonotga ko‘ra, yetakchilar bir qator xalqaro mavzular, jumladan, ko‘p tomonlama tashkilotlarda kelgusidagi muvofiqlashtirish masalalarini ko‘rib chiqqan.

Ukraina atrofidagi vaziyat haqida gap ketganda esa Putin Kiyev rasmiylari harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagan. 

“Ular o‘zlarining g‘arblik kuratorlari taklifiga ko‘ra, harbiy harakatlarni avj oldirish, harbiy jinoyatlar sodir etish, ochiqdan-ochiq terrorchilik usullarini qo‘llash va Rossiya hududida qo‘poruvchilik uyushtirish bo‘yicha xavfli pul tikishda davom etmoqda. Buning yaqqol misoli Xerson viloyatidagi Kaxovka GESini vayron qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ekologik va gumanitar falokatga olib kelgan vahshiy harakatlardir”, degan Rossiya Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 6 iyun kuni ertalab Ukrainaning vaqtinchalik Rossiya tomonidan egallangan Xerson viloyatidagi Kaxovka GESi vayron bo‘lgandi. Kiyev va Moskva stansiyadagi portlashda bir-birini aybladi. Erdo‘g‘an esa Zelenskiy va Putinga qo‘ng‘iroq qilib, Kaxovka GESidagi portlashni tekshirish uchun xalqaro komissiya tuzishni taklif qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Erdo'g'an Zelenskiy Kaxovka GESi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing