Zelenskiy Erdo‘g‘andan yordam so‘radi
Olam
−
06 yanvar 2024 18421 3 daqiqa
Kecha, 5 yanvar kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ukrainalik mavqedoshi Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda ikki davlat rahbarlarining matbuot xizmatlari xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yetakchilar global va mintaqaviy muammolarni, jumladan, Rossiya-Ukraina mojarosini muhokama qilgan.
“Yaqinda mahbuslar almashinuvi har ikki rahbar tomonidan qayd etildi. Ukraina Prezidentining ta’kidlashicha, keyingi almashinuvlar, Rossiya tomonidan noqonuniy ushlab turilgan siyosiy mahbuslar va qrim-tatarlarni ozod qilish, o‘g‘irlangan bolalarni qaytarish ayni paytda ham muhimligicha qolmoqda. Ukraina yetakchisi bu masalada Turkiyadan yordam so‘radi. Prezidentlar, shuningdek, qisqa vaqt ichida Turkiyada Ukrainaning tiklanish forumini o‘tkazishga kelishib oldi”, deyiladi Zelenskiy matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda.
Erdo‘g‘an esa suhbat chog‘ida Ukraina va Falastin yerlarida qon to‘kilishini to‘xtatish va tinchlik o‘rnatish uchun katta sa’y-harakatlar qilayotganini ta’kidlagan.
Shuningdek, u Turkiya Ukrainada tinchlikni ta’minlash uchun vositachi rolini zimmasiga olishga va tinchlik muzokaralarini olib borishga tayyorligini bildirgan. Turkiya rahbari imkon qadar tezroq o‘t ochishni to‘xtatishga erishish kerakligini aytgan.
Erdo‘g‘an g‘alla yo‘lagini qayta tiklash muhimligini ham ta’kidlab, shu maqsadda diplomatik aloqalarni davom ettirayotganini qo‘shimcha qilgan.
O‘z navbatida, Vladimir Zelenskiy Rossiyaning “tinch navigatsiyani buzishga urinishlariga qaramay, Ukraina global oziq-ovqat barqarorligining kafolati” bo‘lib qolayotganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, muqobil don yo‘lagi ishga tushirilgach, u orqali 14 million tonnadan ortiq yuk o‘tkazilgan.
Zelenskiy Ukraina Qora dengizdagi xavfsizlik holatini yaxshilash borasidagi sa’y-harakatlarni davom ettirishga tayyor ekanini aytib o‘tgan va Turkiya, Bolgariya va Ruminiyaning minalardan tozalash borasidagi sa’y-harakatlarini yuqori baholagan va ularga qo‘shilishga tayyor ekanini bildirgan.
Ukraina yetakchisi Erdo‘g‘anga Tinchlik formulasini qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 17 iyul kuni Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiyaga oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishni nazarda tutuvchi “Qora dengiz tashabbusi” tugatilgandi. Rossiya tomoni qashshoq davlatlar uchun tashkil etilgan “Don kelishuvi” doirasidagi oldi-sotdi jarayonlarining 81 foizi yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri kelishini, bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida amalga oshirilayotganini bildirgandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “G‘alla bitimi” bo‘yicha barcha shartlar bajarilmaguncha, mamlakat tashabbusdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishini aytdi. G‘arb davlatlari Rossiyani kelishuvga qaytishga chaqirdi, hatto, Turkiya Prezidenti Sochiga borib Putin bilan gaplashib qaytdi. Biroq buning foydasi bo‘lmadi – “Don bitimi” tiklanmadi.
Live
Barchasi