Zelenskiy Erdo‘g‘andan Putinni ko‘ndirishni so‘ragani ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kecha, 28 sentyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan bo‘lib o‘tgan telefon orqali suhbatda, undan referendum o‘tkazilgan hududlar borasida Kiyevni qo‘llab-quvvatlashini va Putinni ko‘ndirishini so‘ragan. Bu haqda Erdo‘g‘an kecha CNN Turk telekanaliga bergvn intervyusida so‘z ochdi. 

Zelenskiyning undan iltimosiga to‘xtalarkan, Erdo‘g‘an, Putinni aynan nimaga ko‘ndirishi kerakligiga aniqlik kiritmagan. 

“Zelenskiy ham ushbu 4 ta hudud (Donbass respublikalari, Xerson va Zaporoje viloyatlari – tahr.)ni qo‘llab-quvvatlashimizni xohlaydi. Boshqacha qilib aytganda, bu masalada janob Putin bilan uchrashib, uni ko‘ndirishimizni xohlayapti. Endi ertaga ko‘ramiz, do‘stlar aloqa o‘rnatadilar, umid qilamanki,  janob Putin bilan bu masalalarni batafsil muhokama qilamiz”, degan Erdo‘g‘an. 

Avval хабар berganimizdek, bugun, 29 sentyabr kuni Turkiya va Rossiya Prezidentlari Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tadi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida ishtirok etib, Anqaraga qaytishda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo‘g‘an, Rossiya-Ukraina mojarosini diplomatik yo‘l bilan hal qilishda vositachilikka tayyorligini va qaytgach, Putin hamda Zelenskiyga qo‘ng‘iroq qilmoqchiligini aytgan edi. 

Bu orada o‘zini Donetsk va Lugansk xalq respublikalari deb tanitayotgan bo‘lginchilar va Zaporoje hamda Xerson viloyatlarida Rossiya Federatsiyasi tarkibiga kirish bo‘yicha referendum o‘tkazildi. Dunyo mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tan olmayotgan ushbu referendumda ko‘p sonli ovoz bilan mintaqalar aholisi Rossiya hududiga kirishni yoqlagani aytilmoqda. Erdo‘g‘an bu haqda gapirarkan, 4 hududda o‘tkazilgan referendum mojaroni diplomatik yo‘llar bilan hal qilish imkoniyatlariga bolta urganini aytadi. U bu haqda gapirib, eng avvalo Putin bilan muloqotidan umidsiz emasligini urg‘ulaydi. 

“Men umidsiz emasman, lekin darhol natijaga erishamiz, desak bu tush bo‘ladi. Masalan, hozirda 4 ta shaharda referendum bo‘lib o‘tdi. Xo‘sh, bu referendum hodisasi nima olib keladi? Muammo keltiradi. Ya’ni, shunday referendum o‘tkazilmasa edi, bularning barchasini diplomatiya yo‘li bilan hal qilsak ham bo‘lar edi, afsuski, bunday bo‘lmadi. 

Bilasiz, 2014 yilda Qrimda ham xuddi shunday holat yuz bergan edi. Qrim masalasida muvaffaqiyatga erisha olmadik, shuning uchun janob Putinga yana bir bor “Bu yerda bizning qarindoshlarimiz bor, shuning uchun Qrim bo‘yicha tashlagan qadamingiz to‘g‘ri emas”, deb aytdim. Lekin hech qanday natijaga erisha olmadik”, deydi Erdo‘g‘an. 


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Vladimir Zelenskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Vladimir putin

Baholaganlar

706

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing