Zelenskiy Erdo‘g‘anning huzuriga keldi. Turkiya kuchlarining Qorabog‘dan keyingi manzili Donbassmi?

Tahlil

image

Bugun, 10 aprel kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ishchi safari bilan Turkiyaga yetib keldi. Bu haqda Turkiya Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati xabar bermoqda

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga rafiqasi Yelena Zelenskaya hamrohlik qilmoqda. 

Bugun Prezidentlar raisligida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. 

Mahalliy OAVning yozishicha, tashrifning asosiy mavzulari mudofaa sohasidagi hamkorlik, erkin savdo shartnomasi va turizm bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, so‘nggi paytlarda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi Donbass mintaqasida harbiy harakatlar faollashdi. Ushbu mintaqa 2014 yilda Ukrainada ichki siyosiy muhitning muvozanatdan chiqishi oqibatida mojaroli hududga aylangan. Gap shundaki, Ukrainaning sharqiy viloyatlari hisoblangan Donetsk va Lugansk 2014 yilgi voqealardan so‘ng, o‘zini o‘zi mustaqil deb e’lon qildi. 

Ukrainaning maqsadi mamlakat hududiy yaxlitligini ta’minlash. Buning uchun hozirda Zelenskiy xalqaro harbiy hamkorlikni kengaytirishga intilmoqda. Xususan, harbiy sohadagi hamkorlik bugungi Turkiyaga qilingan tashrif dasturidan ham o‘rin olgan.

Erdo‘g‘anning Putinga qarshi “yurishi”

Oxirgi yillarda Turkiya mintaqadagi muammoli hududlar bilan bog‘liq vaziyatlarning asosiy o‘yinchisiga aylanib bormoqda. Xususan, Ozarbayjon Erdo‘g‘an va Turkiya mudofaa kuchlarining yordami bilan 30 yil davomida Armaniston ishg‘oli ostida bo‘lgan hududlarini ozod qildi. Bunda Baku asosiy yordamni Anqaradan olgani aniq edi. So‘nggi voqealar ketma-ketligiga e’tibor qilinsa, Anqaraning navbatdagi qadami Donbassga bo‘lishini payqash qiyin emasdek. Albatta, bu hozircha taxmin. Boisi, kecha Turkiya Respublikasi Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an Rossiya Federatsiyasi Prezident Vladimir Putin bilan ham telefon orqali muloqot qilgandi

Qolaversa, AQSH Ukrainani “Rossiya agressiyasidan” himoya qilish uchun Qora dengizga o‘z harbiy kemalarini yuborgan. Bundan tashqari, Ukraina NATO a’zosiga aylanish yo‘lida faol qadamlarni tashlamoqda. O‘z navbatida O‘rta yer dengizidan Qora dengizga o‘tish yo‘lini nazorat qiluvchi Turkiya AQSH harbiy kemalarining Qora dengizga kirishini ma’lum qildi.  

Shuningdek, bu Zelenskiyning oxirgi olti oyda Turkiyaga qilayotgan ikkinchi tashrifi. Ukraina rahbari 2020 yilning oktyabr oyida ham Turkiyada bo‘lgandi.

Ushbu uchrashuvda "Turkiya Ukrainaning, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligini hamda mamlakatning siyosiy birligini qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi", degan edi Turkiya rahbari. 

Xalqaro huquq tamoyillari va me’yorlariga sodiqligini ta’kidlagan Turkiya, xalqaro tan olingan chegaralar doirasida Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini shartsiz qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor urg‘ulab, Ukraina tomonidan boshlangan Qrim platformasi doirasidagi hamkorlikni mamnuniyat bilan qabul qilgan.

Ular Qrimni va Sevastopol shahrini ishg‘ol qilmaslik, shuningdek, Ukrainaning Donetsk va Lugansk viloyatlarining ayrim hududlari ustidan nazoratini tiklashga qaratilgan harakatlarni davom ettirishga kelishib olgandilar. 

Tomonlar, shuningdek, bosib olingan Qrim va Sevastopol shahrida inson huquqlari himoyasini ta’minlash, Ukrainaning barcha noqonuniy hibsga olingan fuqarolarini ozod qilish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirishni davom ettirish niyatlarini bildirgan.

Oradan ko‘p o‘tmay, Vladimir Putin Erdo‘g‘anning munosabatiga qarshi javobini aytgan:

“Turkiya Prezidentining Qrim bo‘yicha ba’zi intilishlariga kelsak: men buni bilmayman. Menga bu qiziqmas, negaki Rossiya manfaatlari ishonchli himoyalangan. Bunga bir soniya ham shubha qilmasangiz bo‘ladi”, degan edi Putin “Valday” munozara klubi sessiyasida

Turkiya va Ukraina o‘rtasidagi harbiy hamkorlik

2019 yilda Ukraina Turkiyadan 6 ta “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy samolyotlarini va uchta quruqlikdagi boshqaruv stansiyalarini taxminan 69 million AQSH dollariga sotib oldi.

Foto: “Bayraktar”

2020 yil 6 oktyabrda Ukrainaning “Ukrspetseksport” mudofaa konserni bosh direktori Vadim Nozdrya Kiyev “Bayraktar TB2”ni Turkiya bilan birgalikda ishlab chiqarishdan manfaatdor ekani va 48 dona qo‘shma ishlab chiqariladigan uchuvchisiz harbiy samolyot sotib olish niyatida ekanini ma’lum qilgandi.

2020 yil 14 dekabrda Ukraina Mudofaa vazirligi va Turkiyaning Mudofaa sanoat idorasi o‘rtasida uchuvchisiz harbiy somolyotlar hamda Korvet – suvusti harbiy kemalarini ishlab chiqarish va texnologiyalar almashish bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolangan.

Foto: Korvet – suvusti harbiy kemasi

Korvet kemalarini Turkiya bilan hamkorlikda ishlab chiqarish Qora dengizga chiqish imkoniyati bo‘lgan Ukraining Nikolayev shahridagi “Okean” kemasozlik zavodida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Dastlabki korvetni Turkiyada ishlab chiqarish kutilmoqda, undan keyingi ishlab chiqarish Ukrainada amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

292

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing