Zelenskiy bolalikdagi do‘stini UXX rahbari lavozimidan bo‘shatdi. Bosh prokuror ham “uchdi”

Olam 13091
image
-

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy farmonlari bilan Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) rahbari Ivan Bakanov va Bosh prokuror Irina Venediktovani egallab turgan lavozimidan chetlatdi.

Bakanov Ukraina Qurolli Kuchlari Tartib-intizom Nizomining 47-moddasiga asosan xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmagani, natijada insonlar halok bo‘lishiga yoki boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgani uchun ishdan bo‘shatildi. Venediktova “Harbiy holatning huquqiy rejimi to‘g‘risida”gi qonunning Prezidentga mansabdor shaxslarni lavozimidan chetlashtirish huquqini beruvchi 11-moddasiga asosan lavozimidan ozod etildi.

Vladimir Zelenskiy videomurojaatida Ukrainada prokuratura, tergovchilar va boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlariga nisbatan davlatga xiyonat va “hamkorlik faoliyati” moddalari bo‘yicha 651 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilganidan so‘ng UXX rahbari va Bosh prokurorni lavozimidan chetlatganini aytdi.

Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan Aleksey Simonenko Bosh prokuror vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. UXXga yangi rahbar tayinlangani haqida xabar berilmagan.

Ivan Bakanov – Vladimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti. U 2019 yil avgust oyidan buyon UXX rahbari lavozimida ishlab kelayotgandi. Iyun oyida “Politico” manbalarga tayanib, Ukraina Prezidenti urush paytida Xersonni yo‘qotgani uchun UXX rahbarini almashtirmoqchi ekanini xabar qilgan edi.

Irina Venediktova – Ukraina tarixidagi birinchi ayol Bosh prokuror. U bu lavozimda 2020 yilning mart oyidan beri ishlab kelayotgandi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 449
Reyting: 3
t
×