Zelenskiy AQSHda. U sovuq xabarlar bilan kutib olindi (video)

Olam

image

Kecha, 16 oktyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi delegatsiya AQSHga muzokaralar uchun yetib bordi. Bu haqda Ukraina rahbari o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.

Zelenskiyga ko‘ra, u AQSHda dastlab mudofaa sohasidagi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazadi. 

“Men allaqachon Vashingtondaman. Bugun mudofaa sohasidagi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Bu – kuchli qurol ishlab chiqaruvchi kompaniyalar bo‘lib, ularning mahsuloti bizning himoyamizni, albatta, mustahkamlaydi. Xususan, qo‘shimcha havo himoya tizimlarini yetkazib berish masalasini muhokama qilamiz”, degan Zelenskiy. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, mudofaa sohasidan tashqari Amerika energiya kompaniyalari vakillari bilan ham uchrashuvlar bo‘ladi. 

“Hozir Rossiya bizning energetikamizga qarshi terror olib bormoqda, har kuni zarbalar bermoqda, biz esa Ukraina barqarorligi ustida ishlayapmiz”, degan Ukraina yetakchisi. 

Qolaversa, Zelenskiy Prezident Donald Tramp bilan uchrashuv rejalashtirilgani ham aytgan.

“Biz umid qilamizki, Yaqin Sharqda terror va urushni to‘xtatishda ish bergan impuls Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishga ham yordam beradi. Putin HAMAS yoki boshqa bir terrorist guruhdan jasur emas. Kuch va adolat tili, albatta, Rossiyaga nisbatan ham ish beradi. Allaqachon ko‘rmoqdamizki, Moskva Tomahawk qurollari haqida eshitishi bilanoq muloqotni qayta boshlashga shoshila boshladi”, deya yozgan Zelenskiy. 

Camolyotdan tushishi bilanoq, Zelenskiyni yomon xabarlar qurshab olgan. Donald Trampning Vladimir Putin bilan Vengriyada uchrashish niyati haqidagi yangilik Kiyevni hayratga solgan. “Axios” nashrining yozishicha, Zelenskiy jamoasi Tramp va Putinning telefon orqali suhbati haqida oldindan xabardor qilinmagan. Bu suhbat Zelenskiyning Oq uydagi muzokaralari oldidan bo‘lib o‘tgan. Ukraina Prezidenti Trampdan Tomahawk turidagi raketa tizimlarini olish umidida edi, ammo Putin bilan kelishuvlar bu rejani chippakka chiqarishi va Ukrainaning barcha umidlariga barham berishi mumkin. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbat chog‘ida AQSHning Ukrainaga Tomahawk turidagi qanotli raketalarni yetkazib berish ehtimoli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga jiddiy zarar yetkazishi, qolaversa, Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish istiqbollariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagandi. Tramp Putinning fikrlari inobatga olinishini bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Yaqin Sharq HAMAS

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing