Zelenskiy ham Tramp va Putin uchrashuvida qatnashishi mumkin – OAV

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH va Rossiya Prezidentlari – Donald Tramp, Vladimir Putin o‘rtasida bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan muzokaralarda ishtirok etishi mumkin. Bu haqda Oq uydagi manbaga tayanib, CBS News xabar berdi.

Nashrga ko‘ra, Ukraina Prezidenti Rossiya va AQSH rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralarda “muayyan darajada” ishtirok etishi mumkin. Uning aynan qaysi formatda qatnashishi mumkinligi aniqlashtirilmagan. Ukraina hukumati bu ma’lumotni hozircha izohlamagan.

Ukraina rahbarining muzokaralarda ishtirok etishi haqidagi xabarlar ilk bor yangramyapti. 6 avgust kuni Kremlda o‘tkazilgan muzokaralarda AQSH Prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff Putin, Tramp va Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish g‘oyasini ilgari surgan. Putin esa Zelenskiy bilan uchrashuv o‘tkazishga qarshi emasligini bildirgandi, biroq buning uchun muayyan shart-sharoitlar bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Putinning so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiy bilan uchrashuvga “umuman qarshi emas” va bunday uchrashuv “kutilishi mumkin”, ammo buning uchun “muayyan shartlar yaratilishi kerak”. Ayni paytda esa “bu shartlarning amalga oshishiga hali ancha vaqt bor”.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Donald Tramp va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida uchrashib, Ukrainadagi urush kelajagini muhokama qilishi haqida xabar berilgandi. Tramp uchrashuv davomida hududlar almashinuvi bo‘lishi haqida so‘z ochgan. Amerika rahbari bu taklif qanday ko‘rinishi haqida batafsil ma’lumot bermagan. Biroq CBS News munozaralardan xabardor manbalarga tayanib xabar berishicha, Oq uy Yevropa yetakchilarini Rossiya Ukraina sharqidagi Donbass mintaqasini butunlay tortib olish va Qrimni saqlab qolishni nazarda tutuvchi kelishuvni qabul qilishga undashga urinmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Vladimir Zelenskiy Oq uy Alyaska

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing