Zelenskiy ham Tramp bilan uchrashadi
Olam
−
20 iyul
5065AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp kecha, 19 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda u o‘zining Truth Social’dagi sahifasida yozdi.
“Prezident Zelenskiy bilan bugun juda yaxshi telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Sizning keyingi prezidentingiz sifatida men dunyoga tinchlik o‘rnataman va ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va son-sanoqsiz begunoh oilalarni vayron qilgan urushga barham beraman. Har ikki tomon birlashib, zo‘ravonlikka barham beradigan va farovonlikka yo‘l ochadigan kelishuvni muzokara qilishi mumkin”, deb yozdi Tramp.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina yetakchisi ham AQSHning sobiq prezidentiga qilingan suiqasdni qoralagan va uni Respublikachilar partiyasining Miluokidagi Milliy qurultoyining muvaffaqiyatli o‘tgani bilan tabriklagan.
Zelenskiy ham o‘zining Telegram-kanalida Tramp bilan telefon orqali suhbatlashgani va Ukraina mojarosini hal qilish yo‘llarini muhokama qilish uchun shaxsiy uchrashuvga kelishib olganini yozdi.
“Biz prezident Tramp bilan shaxsiy uchrashuvda aynan qanday qadamlar tinchlikni adolatli va chinakam mustahkam qilishi mumkinligini muhokama qilishga kelishib oldik”, deydi Zelenskiy.
Tramp bu yilgi prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, Ukraina mojarosini tezda hal etish niyatida ekanini bir necha bor ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, 27 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan bo‘lib o‘tgan saylovoldi debatida Tramp, agar qayta saylansa, 2025 yil 20 yanvarda prezidentlikka kirishgunga qadar mojaroga barham berishini va’da qilgan edi.
LiveBarchasi