Zelenskiy ham G7 sammitiga yetib bordi
Olam
−
17 iyun
5551Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Kanadaning Kananaskis shahrida bo‘lib o‘tayotgan G7 sammitiga tashrif buyurdi. Bu haqda Ukrainaning “Strana” nashri xabar berdi.
Jurnalistlarga ko‘ra, Zelenskiy G7 yetakchilarining “Kuchli va suveren Ukraina” deb nomlangan maxsus uchrashuvida ishtirok etadi. Zelenskiyni Kanada Bosh vaziri Mark Karni kutib oldi.
Ukraina rahbarining Fransiya va Braziliya Prezidentlari, Buyuk Britaniya, Hindiston va Yaponiya Bosh vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi va NATOning yuqori martabali amaldorlari bilan bir qator uchrashuvlari rejalashtirilgan.
Zelenskiy Rokki tog‘laridagi sammitga Oq uy rahbari Donald Tramp erta jo‘nab ketganidan so‘ng yetib bordi. U Eron va Isroil o‘rtasidagi qurolli mojaro davom etayotgan Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashgani sababli Vashingtonga qaytdi. Shunday qilib, Zelenskiy va Trampning shaxsiy uchrashuvi bo‘lmaydi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina Prezidenti Trampdan AQSH yaqin kelajakda Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish niyati bor-yo‘qligi haqida so‘rashni, shuningdek, AQSHdan qurol sotib olish imkoniyatlarini muhokama qilishini aytgandi.
Tramp yo‘qligida Zelenskiyning Rossiya bilan urushida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashini bildirgan boshqa G7 davlatlari rahbarlari bilan gaplashishi kutilmoqda. Biroq Ukraina hozir talab qilayotgan Moskvaga bosim o‘tkazish bo‘yicha qandaydir aniq chora-tadbirlar to‘g‘risida kelishib olish mumkinmi, bu noma’lum. Xususan, sammitda Yevropa Ittifoqining Rossiya nefti narxini pasaytirish taklifini ma’qullashi dargumon. Tramp ketishidan oldin ham AQSH bu choraga qarshi ekani xabar qilingan edi.
Kanada Bosh vazirining aytishicha, Kanada Ukrainaga 2 milliard dollar harbiy yordam, shuningdek, 2,3 milliard dollar kredit ajratadi. Shuningdek, u Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxati kengaytirilishini ma’lum qildi. Britaniya allaqachon sanksiyalarni kengaytirdi. Bugun AQSH yoki Yevropa Ittifoqi tomonidan yangi sanksiyalar kutilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Katta yettilik” davlatlarining Moliya vazirlari Rossiyaga bosimni kuchaytirishga tayyor ekanini bildirgandi.