G7 Isroilni qo‘llab-quvvatladi, Eronni esa beqarorlik manbai deb atadi
Olam
−
17 iyun 15708 3 daqiqa
“Katta yettilik” (G7) davlatlari Isroilni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdi hamda uning raqibi — Eronni Yaqin Sharqdagi beqarorlik manbai sifatida ta’rifladi. Bu haqda kecha, 16 iyun kuni kechqurun e’lon qilingan G7 bayonotida so‘z boradi.
G7 yetakchilari mintaqadagi ziddiyatlarni yumshatishga chaqirdi.
13 iyun kuni Isroil Eronga havo zarbalari bilan hujum qilgach, ikki davlat o‘rtasidagi havo urushlari boshlandi. Bu holat 2023 yil oktyabrida G‘azoga qarshi Isroilning harbiy hujumi boshlanganidan beri taranglik hukm surayotgan mintaqa uchun jiddiy xavotir uyg‘otdi.
“Biz Isroilning o‘zini himoya qilish huquqini tasdiqlaymiz. Isroil xavfsizligini qo‘llab-quvvatlashimizni yana bir bor ta’kidlaymiz”, deyiladi G7 yetakchilari bayonotida.
Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, “Eron mintaqadagi asosiy beqarorlik va terror manbaidir”.
“Biz aniq aytamiz: Eron hech qachon yadroviy qurolga ega bo‘lmasligi kerak”, deyiladi bayonotda.
Isroil 13 iyun kuni Eronga qarshi “yadroviy qurol ishlab chiqishining oldini olish maqsadida” profilaktik zarba berganini ma’lum qilgan edi. Bu hujumdan so‘ng ikki mamlakat o‘zaro zarbalar almashmoqda. Eron rasmiylarining xabar berishicha, 220 dan ortiq inson halok bo‘lgan, ularning aksariyati tinch aholi. Isroil esa 24 nafar tinch fuqaro nobud bo‘lganini aytmoqda.
Eron yadroviy qurol ishlab chiqish niyati borligini inkor etadi va Yadroviy qurol tarqalmaslik to‘g‘risidagi shartnoma (NPT) a’zosi sifatida tinch maqsadlarda, jumladan, yadroviy energiya ishlab chiqarish uchun texnologiya rivojlantirish huquqiga egaligini ta’kidlaydi.
Isroil esa mazkur shartnoma (NPT) a’zosi emas va Yaqin Sharqda yadroviy qurolga egaligi keng miqyosda taxmin qilinadigan yagona davlat hisoblanadi. Isroil bu haqda na rad etadi va na tasdiqlaydi.
Prezident Donald Tramp G7 sammiti o‘tayotgan Kanadadan Vashingtonga erta qaytishini ma’lum qildi. Bu qaror Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq. AQSH hozircha Isroilning Eronga hujumida ishtirok etmayotganini ta’kidlab kelmoqda. Biroq 13 iyun kuni Tramp AQSH bu hujumlardan avvaldan xabardor bo‘lganini aytdi va ularni “juda yaxshi zarbalar” deb atadi. Vashington, shuningdek, Eronga AQSH manfaatlari yoki harbiylariga hujum qilmaslik haqida ogohlantiruv bergan.
“Biz Eron inqirozining hal qilinishi Yaqin Sharqda keng qamrovli ziddiyatlarni yumshatishga, jumladan G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatishga olib kelishi kerak, deb hisoblaymiz”, deyiladi G7 bayonotida.
Shundan tashqari, guruh energetika bozorlarida barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikka tayyorligini bildirgan.
Kecha, 16 iyun kuni Tramp ijtimoiy tarmoqdagi postida “hamma Tehronni zudlik bilan evakuatsiya qilishi kerak” deganida, Isroil Eronning davlat teleradiokompaniyasiga zarba berdi.
O‘sha kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio ham Britaniya, Fransiya va Yevropa Ittifoqidagi mavqedoshlari bilan telefon suhbatlarida Isroil-Eron urushini muhokama qildi. Vashington esa Tramp hali ham Eron bilan yadroviy kelishuvga erishishni maqsad qilganini aytmoqda.