Zelenskiy ham front chizig‘iga bordi
Olam
−
19 aprel 2023 7116 1 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Donetsk viloyatining Avdeyevka shahriga borib, u yerdagi Ukraina qo‘shinlarining ilg‘or pozitsiyalarini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi. Bu haqda Ukraina Prezidenti devonxonasi xabar berdi.
Zelenskiy Donetsk operativ-taktik guruhi qo‘mondoni hisobotini tinglagan, dengiz piyodalari, havo desantlari, mexanizatsiyalashgan va artilleriya bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan suhbatlashgan hamda davlat mukofotlarini topshirgan.
“Bugun men bu yerda bo‘lish sharafiga muyassar bo‘ldim, xizmatingiz uchun, yerimizni, Ukrainani, oilamizni himoya qilganingiz uchun sizga minnatdorlik bildiraman. Sizlarni bayramlar, Pasxa bayrami bilan tabriklayman va sizga faqat g‘alaba tilayman – har bir ukrainalik uchun shuni tilayman, bu barchamiz uchun juda muhim”, degan Zelenskiy harbiylar bilan uchrashuvda.
Ma’lumot uchun, Avdeyevka Donetskdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan. Rossiya kuchlari shaharni doimiy ravishda bombardimon qilmoqda. Rossiya qo‘shinlarining Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan oldin Avdeyevka aholisi taxminan 32,5 ming kishini tashkil etgan bo‘lsa, hozir u yerda ikki ming nafardan kam aholi qolgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Prezidenti Putin ham urush harakatlari davom etayotgan Xerson va Lugansk viloyatlariga borgan, birinchisida harbiy qo‘mondonlik yig‘ilishida qatnashgan, ikkinchisida esa Milliy gvardiya shtab-kvartirasiga tashrif buyurgandi.