O‘zbekistondagi maktablarda zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan loyiha start oldi

Jamiyat

image

2019 yildan boshlab umumiy o‘rta ta’lim maktablarida zo‘ravonlikni oldini olish maqsadida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Jumladan, “Maktablarda zo‘ravonlikni oldini olish va ijobiy psixologiyani o‘qitish metodikasi” loyihasi o‘tkazilishi rejaga kiritilgan. 

Mazkur besh oylik loyihani amalga oshirishda AQSHlik professor Lori Vulf ishtirok etadi. Professor AQSHda ijobiy psixologiya sohasi mutaxassisi, bir qator ilmiy nashrlar va professional taqdimotlar muallifi. Vulf xonim bolalar va o‘qituvchilar o‘rtasida stressni boshqarish, shuningdek, bolalarda stress holatini aniqlashga ixtisoslashgan ekspert. Lori Vulf AQSHning turli ta’lim muassasalarida faoliyat yuritgan.

Loyiha maktablarda o‘quvchilarning emotsional holatini aniqlash va ijobiy psixologiya metodini o‘qitish orqali bullingni oldini olish va unga qarshilikni oshirishga qaratilgan.

2019 yilning iyul oyiga qadar pozitiv psixologiya metodi Toshkent shahridagi to‘rtta maktabda hamda Nukus, Buxoro, Samarqand va Namangandagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarida sinovdan o‘tkaziladi.

“Asosiy e’tibor yurtimizdagi maktablarda ruhiy tushkunlikka tushgan bolalarni aniqlash, shuningdek, o‘qituvchi va psixologlar uchun tashkil etilgan trening va mashg‘ulotlar orqali stressni yengib o‘tishiga ko‘mak berishga qaratiladi. Shu bilan birga, loyiha o‘qituvchilarga ham stress va ishdan “sovish” holatlarini oldini olishda yordam beradi”, deyiladi Xalq ta’limi vazirligi axborotida. 

Mazkur loyiha doirasida ishtirokchilar imtihon paytida va hayotlarida stressni yengib o‘tishga qaratilgan trening, seminar va turli mashg‘ulotlarda ishtirok etadilar.

Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa ijobiy psixologiya metodi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazlarining o‘qituvchilar va psixologlarini o‘qitish dasturlariga joriy etish rejalashtirilgan.

Yanvar oyida Vazirlik YUNESKO bilan hamkorlikda umumiy o‘rta maktablarda zo‘ravonlikni oldini olish loyihasini amalga oshirishni boshladi. Loyiha 2019-2020 yillarda amalga oshiriladi va zo‘ravonlikni oldini olishga bag‘ishlangan o‘quv materillarini O‘zbekiston sharoitiga va qonunchiligiga moslashtiriladi. Loyihada yevropalik mutaxassislar ishtirok etishi rejalashtirilgan.
 


Maqola muallifi

Teglar

Maktab Xalq ta'limi vazirligi Zo'ravonlik

Baholaganlar

35

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing