O‘zbekistonda Hukumat a’zolarini tayinlash an’anasi o‘zgaradi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida deputatlar “Hukumat a’zolarining parlament oldidagi mas’uliyati kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini muhokama qildilar. 

Mazkur qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 28 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasi hamda 2019 yil 28 yanvardagi Farmoniga muvofiq tayyorlangan. Unga ko‘ra, Hukumat a’zolarini tayinlash va tasdiqlashning yangi tartibi joriy etilmoqda. 

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, o‘rinbosarlari, vazirlar va davlat qo‘mitalari raislari nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin, Bosh vazir taqdimiga binoan, Prezident tomonidan tasdiqlanadi. 

Hukumat a’zosining nomzodi avvaliga Qonunchilik palatasidagi mas’ul qo‘mita, fraksiyalar tomonidan dastlabki tarzda, keyin Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilib, ma’qullanadi. 

Nomzod majlisda Vazirlar Mahkamasining harakatlar dasturi bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lgan, istiqbolga mo‘ljallangan maqsadli ko‘rsatkichlar va vazifalarga erishish borasida huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni hamda istiqboldagi vazifalarni nazar tutuvchi o‘z harakatlar rejasini taqdim etadi.

Qonunchilik palatasi hukumat a’zosi nomzodini rad etgan taqdirda, Bosh vazir ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun yangi nomzodni taqdim qiladi. Hukumat a’zosi Prezident tomonidan tasdiqlanganidan keyin o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Shu bilan birga, loyiha bilan Hukumatning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiquvchi tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotini ko‘rib chiqish bo‘yicha ham yangi tartib belgilanmoqda. Unga binoan, Bosh vazir hukumat a’zolari bilan birgalikda har chorakda parlament palatalariga Murojaatnomadan kelib chiquvchi, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisobotni taqdim etadi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Vazirlar Mahkamasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Baholaganlar

42

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing