“Parol” emas “o‘ron”. Deputatlar 7 ta so‘zning o‘zbekcha muqobilini tasdiqladi
Jamiyat
−
11 avgust 1747 3 daqiqa
Bugun, 11 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “avans”ni “bo‘nak”, “markirovka”ni “tamg‘alash”, “marshrut”ni “yo‘nalish”, “svetofor”ni “yo‘lchiroq”, “kovorking”ni “ish markazi”, “parol”ni “o‘ron”, “progressiv”ni “ilg‘or” so‘zlariga almashtirishni nazarda tutuvchi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qildi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Deputat Barno Berdiyening aytishicha, qonunning matniga o‘zgarishlar va qo‘shimchalar kiritilgan. Birinchidan – amaldagi qonun hujjatlari to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, Soliq kodeksi, Tashqi iqtisodiy faoliyat to‘g‘risidagi, Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar to‘g‘risidagi hamda Telekommunikatsiyalar to‘g‘risidagi qonunlarda qo‘llangan “markirovka” atamasi “tamg‘alash” atamasiga, Fuqarolik kodeksining 776-moddasidagi “parol” atamasi “o‘ron” atamasiga almashtirilgan.
Ikkinchidan – 2016 yil 17 fevralda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan birinchi va 19-son qonun loyihalari bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 166-moddasi nomidagi “yoki majburiy ravishda raqamli markirovkalash” degan so‘zlar hamda ushbu moddaning to‘rtinchi qismi chiqarib tashlanganligi sababli, ushbu qonun loyihasida nazarda tutilgan tegishli o‘zgarishlar qonun loyihalari o‘rtasidagi muvofiqlikni ta’minlash maqsadida chiqarib tashlanmoqda.
Uchinchidan – huquqiy normalar mazmunini aniqroq ifoda etish maqsadida tahririy va aniqlashtiruvchi o‘zgarishlar kiritilgan. Xususan, Soliq kodeksining 483-moddasi 69-qismidagi “markirovkani” so‘zi “tamg‘alash belgilarini” jumlasiga o‘zgartirilgan.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksdagi “marshrut” atamasini “yo‘nalish” atamasiga o‘zgartirish munosabati bilan amaldagi qonunchilik talablari hamda normaning mazmuni hisobga olinib, “yo‘nalish taksilarining” jumlasi “yo‘nalishli taksilar” jumlasi tarzida bayon etilgan. Bunga amaldagi Yo‘l harakati to‘g‘risidagi qonunda “yo‘nalishli transport vositasi”, shuningdek, Shahar yo‘lovchilar transporti to‘g‘risidagi qonunda “yo‘nalishli taksilar” atamalarining qo‘llanishi asos bo‘lgan.
To‘rtinchidan – mazkur qonun loyihasi bilan kiritilgan “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunning 10- va 94-moddalariga o‘zgartirish kiritish, 215- va 231-sonli qonun loyihalarida nazarda tutilganligi sababli, qoidani mazkur qonun loyihasidan 215-sonli qonun loyihasiga o‘tkazilib, Qonunchilik palatasi tomonidan 2016 yil 14 iyul kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda nazarda tutilganligi bois chiqarib tashlanmoqda.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilingan va Senatga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbek tilida keng qo‘llaniladigan 40 ta xorijiy atama o‘zbekchaga tarjima qilingani haqida xabar berilgan edi.
Live
BarchasiBloger Aziz Hakimov 4 yilga qamaldi
11 avgust
Putin hech narsadan qo‘rqmasligini aytdi
11 avgust