4 ta partiya birgalikda O‘zLiDeP kiritgan qonunni o‘tkazmadi
Jamiyat
−
30 aprel 10443 2 daqiqa
Kecha, 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida O‘zbekiston liberal demokratik partiyasi tomonidan kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga xususiy sektor uchun belgilangan ijtimoiy majburiyatlarni erkinlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini boshqa 4 ta partiya vakillari rad etib, qarshi ovoz berdi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, qonun loyihasida Mehnat kodeksiga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan:
- mehnat shartnomasini xodimning tashabbusi bilan bekor qilishda arizani chaqirib olish jarayonida ish beruvchining ishtirokini ta’minlash orqali tomonlarning mas’uliyatini oshirish;
- mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilishda kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki mahalliy mehnat organi bilan kelishish jarayonlarini soddalashtirish orqali xabardor qilish tartibiga o‘tkazish;
- xodimning uzoq muddat mehnatga qobiliyatsiz bo‘lishi natijasida mehnat shartnomasini bekor qilish asoslarini takomillashtirish;
- tadbirkorlik sub’ektlarida o‘rindoshlik asosida faoliyat yuritayotgan xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda ogohlantirish muddati va kompensatsiya to‘lovlarini bekor qilish.
Majlisda ushbu qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga, bahs va tortishuvlarga sabab bo‘lgan. Yakunda u yetarli ovoz ololmagan va tashabbuskorlarga qaytarilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, qonun loyihasi tashabbuskori bo‘lgan O‘zLiDeP deputatlari to‘liq uni qo‘llab-quvvatlagan – 57 ovoz. Qolgan 4 ta partiyaning 71 nafar deputati qarshi ovoz bergan bo‘lsa, 2 nafar Milliy tiklanish partiyasi a’zolari betaraf qolgan.
Live
Barchasi