O‘zbekistonda OTMga kirish test sinovlarida ishtirok etish pullik bo‘ladi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga test sinovlari orqali qabul qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

Mazkur qaror qabul qilingach:

majburiy fanlar bo‘limidagi test topshiriqlari soddalashtirilgan bo‘lib, abituriyentlarning umumiy savodxonligi va tayanch bilimlarini baholashga yo‘naltiriladi;

abituriyentlarning test sinovlari va tanlovda ishtirok etishi uchun Davlat xizmatlari markazlari orqali ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi;

oldingi o‘quv yillarida ta’lim muassasalarini tugatgan abituriyentlardan test sinovlarida ishtirok etishi uchun eng kam ish haqining bir barobariga teng miqdorida yig‘im undiriladi (to‘liq davlat ta’minotidagi yetim bolalar, I va II guruh nogironlar bundan mustasno). Ushbu yig‘imlar Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi. Joriy yil bitiruvchilari uchun test sinovlari bepul asosda o‘tkaziladi;

test o‘tkazilgan kunning ertasiga abituriyentning fanlar bo‘yicha test sinovidan umumiy to‘plagan ballari Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;

abituriyentning sinov natijasi bo‘yicha olgan bali tavsiya etishga yetarli bo‘lgan oliy ta’lim muassasasi (ta’lim yo‘nalishi)da o‘qish imkoniyati yaratiladi;

test sinovlari to‘liq yakunlangandan keyin bir xafta muddat ichida oliy ta’lim muassasalari ta’lim yo‘nalishlariga tanlov o‘tkaziladi;

o‘zbek va qoraqalpoq tillaridagi test topshiriqlari faqat lotin alifbosida tayyorlanadi;

test sinovlari jarayoni uchun ta’lim muassasalari rahbar va pedagog xodimlardan guruh nazoratchilari shakllantiriladi;

test sinovlari jarayoniga jalb etilgan ishtirokchilar (Davlat test markazi vakili, bino rahbari hamda guruh nazoratchilari)ni ish haqi bilan ta’minlash, test sinovlari o‘tkaziladigan bino yoki inshootlarning ijara to‘lovlari Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

abituriyentlar sonining keskin o‘sishi, test materiallarini sifatli tayyorlash va himoyalash bilan bog‘liq ish hajmining ortib borishi, test sinovlari o‘tkaziladigan soha yo‘nalishlarining ko‘payishini inobatga olib, xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash uchun Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga muvofiq Davlat test markazining asosiy shtatdagi xodimlarining lavozim maoshini belgilashda tarif koeffitsiyenti 2,0 baravarga oshiriladi;

xodimlar ilmiy salohiyatini oshirish maqsadida Davlat test markazini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) (yoki unga tenglashtirilgan xorijiy davlatlar) ilmiy darajasiga ega xodimlariga 30 foiz, fan doktori (DSc) (yoki unga tenglashtirilgan xorijiy davlatlar) ilmiy darajasiga ega xodimlariga 40 foiz oylik ish xaqiga ustamalar to‘lab beriladi;

Davlat test markazi faoliyatini rivojlantirish jamg‘armasiga tushadigan mablag‘larning 80 foizigacha bo‘lgan miqdori Davlat test markazi direktorining buyrug‘iga ko‘ra, xodimlarga lavozim maoshining 200 foizi miqdorigacha (ammo, 100 foizdan kam bo‘lmagan miqdorda) oylik ustamalar to‘lash, moddiy yordam ko‘rsatish, xizmat vazifalarini vijdonan va tashabbuskorlik bilan bajarganligi uchun mukofot puli hamda ularning moddiy rag‘batlantirilishiga yo‘naltiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Abitutrientlar Oliy ta'lim muassasalari

Baholaganlar

194

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing