OTMning yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi nega 25 foiz bo‘lishi kerak?
Jamiyat
−
20 noyabr 2019
6593Oliy ta’lim muassasalarining yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 12 foizga tushiriladi. Bu haqda parlament quyi palatasida qizg‘in muhokama etilayotgan “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasi yuzasidan kechayotgan bahs-munozaralar ilgari surildi.
Ma’lumot o‘rnida, mazkur qonun loyihasi dastavval parlament quyi palatasining barcha qo‘mitalari, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi yig‘ilishlarida dastlabki muhokamalardan o‘tkazilgach, palataning yalpi majlisida deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ma’qullangan edi.
Mazkur majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Abdurashid Abduqodirov bir muhim masalaga barchaning e’tiborini qaratgan edi. Ya’ni, u yangi joriy etilgan Soliq konsepsiyasida byudjet tashkilotlariga yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 25 foiz, xususiy sektor uchun 12 foiz etib belgilangani ta’kidlar ekan, oliy ta’lim muassasalari ham soliq to‘lovchi sifatida yagona ijtimoiy to‘lov stavkasining 25 foizida to‘lab kelayotganini aytgandi.
Lekin, deputatning fikricha, oliy ta’lim muassasalarining qariyb 70 foiz, ba’zilarining esa, 95 foiz xarajatlari kontrakt to‘lovlari mablag‘lari hisobidan shakllanadi. Shu sababli, mazkur mablag‘lar xalq to‘lagan puldan ushlanishini e’tiborga olsak, oliy ta’lim muassasalarining yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 12 foizga tushirilishi lozim. Jamiyat ham oilaga o‘xshaydi: har qanday qo‘li kalta oila farzandi yaxshi ta’lim olsagina oyoqqa turib ketishi mumkin...
Mazkur masala Qonunchilik palatasida Moliya, Oliy ta’lim va o‘rta-maxsus ta’limi vazirliklari va boshqa mutasaddi vazirlik xodimlari ishtirokida “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida deputat tomonidan ko‘tarilgan ana shu dolzarb masala atroflicha o‘rganib chiqilmoqda. Bu masalani ishlab chiqilayotgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksiga kiritish taklifi ilgari surildi.