O‘zbekistonda hisobvaraq-fakturalar to‘liq elektronlashtiriladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi, deya xabar berdi Davlat soliq qo‘mitasi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining hisobvaraq-fakturalarni elektron shaklda rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimini bosqichma-bosqich joriy etish taklif etilgan. Xususan,

- 2019 yil 1 apreldan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun;

- 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab respublikadagi barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun hisobvaraq-fakturalarni elektron rasmiylashtirish, saqlash va hisobini yuritish tizimi joriy etiladi.

O‘zaro hisob-kitoblar tizimida elektron shakldagi hisobvaraq-fakturalardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi davlat unitar korxonasini elektron hisobvaraq-fakturalarni markazlashtirilgan holda saqlanishi, operatorlararo uzatilishi va hisobi yuritilishi bo‘yicha vakolatli rouming operatori etib belgilash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinishi mumkin.

Ta’kidlash kerakki, shu vaqtga qadar tovar-moddiy boyliklarni sotib olishda qog‘ozli hisobvaraq-fakturalardan foydalanilar, ularni uzoq saqlash, zarur paytda tezkor izlab topishda ortiqcha vaqt sarflanar edi. Endilikda korxonadan turib boshqa tashkilotlarga hisobvaraq-fakturalarni tezkor tarzda jo‘natish mumkin. Buning uchun elektron kalit va internetga ulangan kompyuter bo‘lsa kifoya.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida hamda Navoiy va Sirdaryo viloyatlari hududida hisobvaraq-fakturani tajriba tariqasida elektron usulda joriy etish yo‘lga qo‘yilgan. 


Maqola muallifi

Teglar

soliq hisobvaraq-faktura

Baholaganlar

28

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing