O‘zbekiston uchun kutilgan yana bir baho qo‘lga kiritildi

Jamiyat

image

Moody's Investors Service xalqaro reyting agentligi O‘zbekistonga birinchi marta "B1" reyting darajasini berdi. Reyting o‘zgarishi prognozi – “barqaror”, deyiladi agentlik tarqatgan xabarda.

Avvalroq, Fitch va Standard & Poor’s xalqaro reyting agentliklari O‘zbekistonga barqaror prognozli «BB-» reyting darajasini bergani haqida xabar qilingan edi.

Xo‘sh, xalqaro kredit reyting nima va u O‘zbekistonga nima beradi?

Xalqaro kredit reyting, sodda qilib aytganda, bu qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini aniqlovchi xalqaro mezondir. Asosan “katta uchlik” – Moody’s, Standard & Poors (S&P) va Fitch kompaniyalari tomonidan chuqur tahlil natijasida taqdim etiladigan xalqaro reytinglar jahon moliya bozorlarida keng tan olingan baho sanaladi. Har bir investor o‘z sarmoyasini ma’lum moliyaviy instrument yoki loyihaga tikishdan oldin, eng avvalo qarz oluvchining to‘lov qobiliyatini tekshiradi, keyin zarur qarorlarni qabul qiladi.

Xalqaro kredit reytinglarning yana bir muhim jihati – moliya bozorida qarz instrumentlari narxini belgilashdagi rolidir. Masalan, Moody’s/S&P/Fitch bo‘yicha Aaa/AAA/AAA reytingga ega bo‘lgan Shvetsiya, Ba1/BBB-/BBB-reytingga ega bo‘lgan Rossiya Federatsiyasidan 5 yil uchun 1,5% pastroq narxda qarz olish imkoniyatiga ega.

E’tiborli yana bir jihati – reyting har doim yangilanib turadigan baho. Shuning uchun reyting olgan mamlakatlar doimiy ravishda xalqaro reyting agentliklari kuzatuvida bo‘lib, har bir muhim o‘zgarish mamlakatning to‘lov qobiliyatini o‘sishi yoki pasayishi nuqtai nazaridan tahlil etiladi. Natijada suveren reyting yuqorilashi yoki pastlashi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

reyting Moody’s Fitch

Baholaganlar

60

Reyting

1.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing