Trampning reytingi e’lon qilindi. Endi undan ishonganlari ham yuz o‘giryaptimi?
Olam
−
09:05 1272 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning faoliyatini ma’qullash darajasi rekord darajadagi eng past ko‘rsatkich, ya’ni 32 foizga tushdi. So‘rovnomalarda 2024 yilda Trampni qo‘llab-quvvatlagan ayrim saylovchilar, jumladan latinolar jamoasi orasida ham uning reytingi pasaygani ko‘rsatildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Reuters/Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovda Trampning mustaqil saylovchilar va 2024 yilgi saylovda unga ovoz bergan latino saylovchilar orasidagi qo‘llab-quvvatlovi ham kamaygani aniqlangan. Nashrga ko‘ra, AQSH Kongressi ustidan nazoratni belgilaydigan oraliq saylovlarga bir oy qolgan bir paytda bu holat Respublikachilar partiyasi uchun jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Tramp esa reytingi pasaygani haqidagi savollarga boshqacha munosabat bildirgan. U kecha, 5 oktyabr kuni Nebraska shtatiga uchishidan oldin jurnalistning latino saylovchilar orasida qo‘llab-quvvatlovi kamaygani haqidagi savoliga “Men juda yaxshi ishlayapman”, deb javob bergan.
Biroq NBC News/Telemundo tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, latino saylovchilarning 59 foizi Kongress ustidan Demokratlar partiyasi nazoratini xohlaydi. Bu ko‘rsatkich ikki yil avvalgidan ikki baravar ko‘p. So‘rovda ispan tilida so‘zlashuvchi amerikaliklarning atigi 24 foizi Tramp faoliyatini ma’qullagan.
Nashrning qayd etishicha, Tramp so‘nggi kunlarda mamlakat bo‘ylab Respublikachilar partiyasi nomzodlari uchun saylovoldi kampaniyasida qatnashgan. Biroq hatto konservativ shtatlarda ham uning qo‘llab-quvvatlovi pasaya boshlagan. Ayrim respublikachilar esa mahalliy saylovchilar qo‘llovini saqlab qolish maqsadida immigratsiya kabi masalalarda Trampdan uzoqlasha boshlagan.
Amerikaliklarning iqtisodiyot, Eron bilan urush va ma’muriyat faoliyati bilan bog‘liq boshqa muhim masalalardan noroziligi ortib borayotgani aytilmoqda. Nashrga ko‘ra, bu salbiy kayfiyatlar kelgusidagi saylovlarga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Trampning faoliyatini qo‘llab-quvvatlovchi amerikaliklar ulushi rekord darajada pasayib, 33 foizni tashkil etgandi. Respublikachilar orasida ham uning qo‘llab-quvvatlash darajasi 72 foizga tushgandi.
Live
Barchasi