Zas boshchiligida KXSHT delegatsiyasi Yerevanga kelyapti

Olam

image

Bosh kotib Stanislav Zas boshchiligidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti delegatsiyasi 20-25 sentyabr kunlari Armanistonda bo‘ladi. Delegatsiyani qabul qilish haqidagi tegishli qarorni Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan imzolagan. 

“20-25 sentyabr kunlari Stanislav Zas boshchiligida KXSHT delegatsiyasining tashrifi munosabati bilan [mamlakatda] bo‘lish dasturi va bayonnomaga muvofiq tadbirlar amalga oshirilishi ta’minlansin”, deyiladi Bosh vazir qarorida.

Avvalroq, general-polkovnik Anatoliy Sidorov boshchiligidagi KXSHTning Armanistondagi missiyasining ilg‘or guruhi respublikaga yetib kelgan va mamlakatning Ozarbayjon bilan chegarasining bir qancha uchastkalarida kuzatuv o‘tkazgan edi. 

KXSHT vakillari 15 sentyabr kuni Armanistonga yetib keldi. 17 sentyabr kuni KXSHT missiyasining oldingi guruhi Armaniston va Ozarbayjon chegarasidagi bir nechta ob’ektga tashrif buyurdi. Mutaxassislar Ozarbayjon bilan chegaraga tutash bir qancha hududlarda vaziyatni kuzatdi. Missiyaning dastlabki guruhi ikki davlat munosabatlarini izga solish bo‘yicha takliflar ishlab chiqqani ochiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi, biroq Armaniston o‘q uzish davom etayotganiga ishora qilmoqda. 

To‘qnashuvlarda avvaliga Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Nensi Pelosining Armanistonga tashrifi

18 sentyabr kuni AQSH Kongressi Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi Armanistonga keldi. U tashrifi chog‘ida Ozarbayjonning Armaniston bilan chegaradosh hududiga noqonuniy va halokatli hujumlarini qoralashini ma’lum qildi. O‘z navbatida, Baku ushbu bayonotni Ozarbayjonga qarshi asossiz va nohaq ayblov sifatida baholab, ayblovlarni “kurakda turmaydigan”, deb atadi.

Shu kuni Yerevanda bir necha yuzlab kishi Armanistonning KXSHTdan chiqishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi. Namoyishchilarga ko‘ra, tashkilot Ozarbayjon tomonidan Armanistonga qarshi hujumlarning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmagan.

Qorabog‘ urushi

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston KXShT Stanislav Zas'

Baholaganlar

8

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing