“Zapravka”da navbat talashib, mushtlashganlar qamaldi

Jamiyat

image

Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi gaz quyish shaxobchasida 2022 yilning dekabr oyida sodir bo‘lgan janjal ishtirokchilariga sud hukmi o‘qildi.

Hujjatlarga ko‘ra, 2 nafar sudlanuvchi jabrlanuvchiga musht tushirgan bo‘lsa, yana bir sudlanuvchi fuqaroning bo‘yniga pichoq tiragan. 1994, 1992 va 1994 yillarda tug‘ilgan sudlanuvchilar mashinaga gaz to‘ldirish maqsadida shoxobchadagi boshqa mijozlar bilan navbat talashib, janjallashib ketgan. Shu paytda shoxobchaga kelgan yana bir haydovchi holat ishtirokchilarini tinchlantirmoqchi bo‘lgan. 3 nafar sudlanuvchi esa uni urib, tan jarohati yetkazgan.

Jabrlanuvchi holat haqida gapirar ekan, do‘stining mashinasiga gaz quyish uchun shoxobchaga borgani, u yerda yigitlar urishayotganini ko‘rgani va ularni ajratishga harakat qilganini bildirdi.

“Ular menga tashlanib ketdi. Uyoq-buyoqqa sudrashdi, bo‘ynimga pichoq tirashdi. 3-shaxs ham orqa tarafimdan kelib, pichog‘i bilan tashlandi. Pichoq kurtkamning cho‘ntak qismiga kirib, yirtib chiqib ketdi. Burnim sindi. Sudlanuvchilarga nisbatan da’vom bor”, deydi u.

Sudlanuvchilardan biri Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b” va “v” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan sovuq qurol yoki kishining sog‘lig‘i uchun amalda shikast yetkazishi mumkin bo‘lgan narsalarni (qurol sifatida) namoyish qilib, ularni qo‘llash bilan qo‘rqitib yoxud qo‘llagan holda bezorilik sodir etish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi.

U 59-moddaning 8-qismi va 61-moddaga asosan 1 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilinib, 1 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi va sud zalining o‘zidayoq qamoqqa olindi. Qolgan 2 nafar sudlanuvchiga esa 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Nurmuhammad Fayzullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Toshkent Zapravka

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing