Zangiotadagi shifoxonaning Jonlantirish bo‘limida joy qolmadi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida barpo etilgan koronavirusni davolashga ixtisoslashtirilgan yangi shifoxonada og‘ir ahvoldagi bemorlar uchun reanimatsiya bo‘limida joy yetarli emas. Bu haqda “Zamon” axborot-tahliliy dasturida ma’lum qilindi. 

Lavhada ayni vaqtda 40 kishiga mo‘ljallangan Jonlashtirish bo‘limida 70 dan ortiq bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatilayotgani aytiladi. Og‘ir bemorlarga jonlantirish bo‘limida joy yetarli bo‘lmagani sabab, bemorlar boshqa bo‘limlarda ham davolanmoqda. 

Shifokor Klara Pardayevaning ta’kidlashicha, Jonlantirish bo‘limi eng og‘ir, kislorodga muhtoj bo‘lgan bemorlar uchun xizmat ko‘rsatadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bugungacha koronavirus bilan kasallanish holatlarining qanchasi shifokorlar bilan bog‘liq ekani haqida aniq raqamlarni oshkor qilmay kelmoqda. Biroq, lavhada ta’kidlanishicha, mamlakatda 800 dan ortiq shifokorlar o‘z xizmat vazifasini bajarish jarayonida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. Ular orasida vafot etganlari ham bor. 

Shuningdek, mamlakatda kasallanish holatlari bo‘yicha yosh darajasi bo‘yicha ham ma’lumotlar deyarli oshkor etilayotgani yo‘q. Zangiotadagi shifoxonaning Jonlantirish bo‘limiga olingan bemorlar orasida esa 14 kunlik chaqaloqlar ham bo‘lgan. Bu haqda ushbu shifoxonada xizmat faoliyatini olib borayotgan shifokorlardan biri ma’lum qilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida qurilgan 2 ming o‘ringa mo‘ljallangan yangi shifoxonaning 1000 o‘ringa mo‘ljallangan birinchi binosi joriy yilning 6 iyul kuni foydalanishga topshirildi. Ushbu shifoxonani 4 ming o‘ringacha transformatsiya qilish imkoniyati bor.


Maqola muallifi

Teglar

Zangiota Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

244

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing