Zangiotadagi omborxonada yirik yong‘in bo‘ldi
Jamiyat
−
04 Oktabr 2019
3616Elektr va gaz tarmoqlaridan noto‘g‘ri foydalanish, tamaki chekishdagi loqaydlik oqibatida yong‘inlar kelib chiqishi hech kimga sir emas. Shuning uchun yong‘in xavfsizligi me’yorlariga amal qilish har bir fuqaroning burchidir.
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasidan olingan xabarga ko‘ra, kecha, 3 oktyabr kuni soat 11:26da Toshkent viloyati, Zangiota tumani, Nurafshon mahallasi, Oxunboboyev ko‘chasida joylashgan "Kvint" MCHJga qarashli avtomobil salonlariga rezinali gilamcha (polik) ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘lgan.
Voqea joyiga yettita yong‘in o‘chirish bo‘linmasi jalb etilgan. Birinchi bo‘linma chaqirilgan manzilga yetib borganda, ishlab chiqarish sexining faoliyati to‘xtatilgan yordamchi binosi ochiq alanga bilan yonayotgani ma’lum bo‘lgan.
Yong‘in soat 12:05da o‘rab olinib, 13:38da bartaraf etilgan. Ko‘rilgan tezkor harakatlar natijasida yong‘indan sexning 300 kvadrat metr maydoni saqlab qolingan.
Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sexi yordamchi binosining 150 kvadrat metr maydoni yonib zararlangan.
Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.