Zangiotadagi kanalda o‘lik baliqlar oqdi (video)
3-sahifa
−
20:33 1110 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Zangiota tumani Achchisoy kanalida baliqlarning nobud bo‘lishiga sababchi bo‘lgan korxonaga 92 mln so‘m konpensatsiya hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, Zangiota tumani “Ittifoqchi” mahallasida faoliyat yuritib kelayotgan “Damachi balik” MCHJga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani sababli baliqlarga kislorod yetishmagani oqibati 200-300 grammli baliqlar nobud bo‘lgan.
Shundan so‘ng, nobud bo‘lgan baliqlar jamiyat ishchisi tomonidan tozalanib, tuman hududidan oqib o‘tuvchi Achchisoy kanaliga oqizib yuborilgan. Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tomonidan jamiyat faoliyati oqibatida hosil bo‘layotgan oqova suvlardan belgilangan tartibda laboratoriya tahlillari uchun namunalar olinib, atrof-muhitga ta’sirini aniqlash maqsadida chuqur o‘rganilgan.
Tahlil natijalariga ko‘ra, bir qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha me’yoriy talablardan sezilarli darajada oshish holatlari qayd etilgan. Xususan, azot ammoniy miqdori belgilangan me’yordan 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, quruq qoldiq 1,28 barobar hamda umumiy fosfor 1,8 barobar ortiq ekanligi aniqlangan.
Bildirilishicha, mazkur holatlar oqova suvlar yetarli darajada tozalanmasdan tashlanayotgani hamda suv ob’ektlarining ifloslanishi, ekologik muvozanatning buzilishi hamda bioxilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, holat bo‘yicha korxonaga 92 mln so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblangan. Mas’ullarga nisbatan esa ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, holat qayta takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berilgan. Shuningdek, kanal nobud bo‘lgan baliqlardan tozalangan.
Shahzoda Shukurullayeva
Live
Barchasi