Zangiotada 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda

Jamiyat

image

Toshkent viloyati Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi. Bu haqda bugun, 3 aprel kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ma’lum qildi. 

Yig‘ilishda qayd etilishicha, bugungi kunda mamlakatda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olingan. 

“Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda.

Diagnostika, davolash, karantin ishlarini Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari hamda ilg‘or xorijiy tajribalarga tayanib amalga oshirmoqdamiz. Shuningdek, Janubiy Koreyadan malakali shifokorlar kelib, o‘z tajribalari bilan bemorlarni davolashda qatnashmoqda. Yaqin kunlarda bir guruh xitoylik mutaxassislar ham yetib kelishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, vrachlarimiz xorijiy hamkasblari bilan muntazam videomuloqotda bo‘lib, kundalik tajriba almashmoqda.

Ta’kidlash kerakki, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini bermoqda. Kasallikka chalinganlarning 25 nafari to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar 221 nafarga yetdi. Ularning 25 nafari davolandi, 2 nafari vafot etdi.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev koronavirus Koronavirus O'zbekistonda yuqumli kasalliklar shifoxonasi

Baholaganlar

98

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing