Zangiota hokimi o‘rinbosari jarimaga tortildi

Jamiyat

image

Toshkent viloyati, Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyevni o‘qituvchilarni majburiy obuna va mehnatga jalb qilgani uchun 15,61 mln so‘m jarimaga tortildi.

Xalq ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, Baxtiyor Mamadaliyevning joriy yil 15 yanvardagi og‘zaki topshirig‘iga ko‘ra tumandagi barcha umumta’lim maktablari 10 dan ortiq ro‘znomalarga obuna bo‘lishga majbur etgan.

Hokim o‘rinbosari joriy yilning 14 may kuni ZOOM dasturi orqali tumandagi jami 44 ta umumta’lim maktabi direktorlariga onlayn tarzda yig‘ilish o‘tkazib, umumta’lim maktab mikrohududidagi mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi kam ta’minlangan aholini xatlovdan o‘tkazib, hisobotlarni hokimiyatga topshirish to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Uning mazkur ko‘rsatmasiga asosan umumta’lim maktab direktorlari pedagog xodimlar bilan bir hafta mobaynida aholini xonadonma-xonadon yurib xatlovdan o‘tkazib, kam ta’minlangan oilalarning ro‘yxatini shakllantirib hokimiyatga taqdim etgan.

Shuningdek, Baxtiyor Mamadaliyev tuman xalq ta’limi bo‘limi mudirini majburlab, tumandagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorlariga joriy yilning 28 may kuni ertalab soat 6:45 da yoshlar yetakchisi va yana bir nafar xodim bilan birgalikda yig‘ib, tumandagi barcha maktab direktorlari va 80 nafardan ortiq o‘qituvchilarni o‘sgan o‘tlarni tozalash va yerni chopiq qilish, yumshatish ko‘rinishidagi majburiy mehnatga jalb qilgan.

Bu bilan Zangiota tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Baxtiyor Mamadaliyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 sentyabrdagi PQ-3931-sonli, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 19 fevraldagi 146-sonli qarorlari talablari buzilganligi holati aniqlandi.

Shu sababdan, Zangiota tumani hokimining o‘rinbosaridan tushuntirish xati olinganida, u ushbu ishlarga jalb etganligini tasdiqlab tushuntirish berdi. 

Toshkent viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspeksiyasi mazkur holatlarni qonuniy o‘rganib chiqib, hokim o‘rinbosariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismi bilan 15,61 mln so‘m jarima jazosi qo‘llagan.

Avvalroq, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani hokimi o‘rinbosari pedagoglarni kamsitib, haqorat qilgani va mehnatga majburlagani uchun jarimaga tortilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zangiota tumani hokim o'rinbosari

Baholaganlar

103

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing