Zakovatchilarning oshig‘i olchi. Prezident yangi qaror imzoladi

Jamiyat

image

Bugun, 20 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi.

2021 yil oktyabr oyida davlat rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanida “Zakovat” intellektual o‘yinining final bosqichiga tashrif buyurib, bahsni kuzatgan, tadbir so‘ngida nutq so‘zlab, bilimdon yoshlarga sharoit yaratish uchun ko‘plab tashabbuslarni bildirgan edi.

Ushbu tashabbuslar ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar Prezident qarorida belgilab berildi.

Jumladan, Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga “Zakovat” intellektual o‘yini va boshqa intellektual o‘yinlarni tizimli ravishda rivojlantirishga doir vazifalar yuklandi.

Shuningdek, qaror bilan quyidagilar belgilandi:

  • 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlar va talabalar uchun yil davomida har oyda beriladigan “Zakovat” stipendiyasi joriy etiladi;
  • 2022 yildan boshlab, bosqichma-bosqich umumiy o‘rta, Prezident, o‘rta maxsus va professional hamda oliy ta’lim muassasalarida “Zakovat” intellektual klublari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi hamda hududlardagi Yoshlar markazlarida intellektual o‘yinlar jamoalari uchun alohida xonalar tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “Zakovat” g‘oliblari va ularning murabbiylarini taqdirlash bo‘yicha quyidagilar amalga oshiriladi:

  • 2022 yildan boshlab har yili talabalar o‘rtasida Intellektual olimpiada tashkil qilinadi. Unda umumjamoa hisobida dastlabki uchta o‘rinni qo‘lga kiritgan oliy ta’lim muassasasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovg‘asi topshiriladi;
  • intellektual o‘yinlarning respublika bosqichida g‘olib va sovrindor bo‘lgan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari hamda OTM talabalari ta’limning keyingi bosqichiga bazaviy to‘lov-kontrakt asosida imtihon sinovlarisiz qabul qilinadi;
  • ta’lim muassasalarida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual klublarining koordinatori bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga  mehnatga haq to‘lash fondining 50 foizi miqdorida bir martalik ustama to‘lab beriladi.

Qarorga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab har yili aprel oyida “Intellektual haftalik” tadbiri o‘tkazib boriladi.

Yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida mashhur olimlar, jumladan, Nobel mukofoti sohiblari bilan uchrashuvlar tashkil etib boriladi.

“Zakovat” va boshqa intellektual o‘yinlarining hududiy va respublika bosqichi g‘oliblarini o‘z mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar zaxirasiga olish hamda rahbarlik lavozimlariga tayinlash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


Maqola muallifi

Teglar

qaror Zakovat

Baholaganlar

228

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing