“Zakovat” intellektual o‘yini uchun alohida bino quriladi
Jamiyat
−
20 yanvar 2022
4183“Yangi O‘zbekiston bog‘i”ga tutash hududda “Zakovat intellektual o‘yinlari klubi” uchun alohida bino hamda “Intellektual o‘yinlar shaharchasi” barpo etiladi. Mazkur binolar Yoshlar ishlari agentligining balansida bo‘ladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorida belgilandi.
Qayd etilishicha, Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Yoshlar oromgohi”da mavsumiy ishlaydigan “Intellektual maktab” loyihasi yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, intellektual turnirlar tashkil qilish, bilimdon yoshlarni rag‘batlantirish, yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan kompyuter va mobil o‘yinlarni yaratgan dasturchilarga grant va subsidiyalar ajratish maqsadida 2022 yilda 50 mlrd so‘m miqdorida, keyingi yillarda asoslangan hisob-kitoblarga muvofiq davlat byudjetidan mablag‘ ajratiladi.