Yuzlab chet el fuqarolari G‘azoni tark etmoqda
Olam
−
01 noyabr 2023
3817Bir necha yuz nafar xorijlik fuqarolar G‘azo sektorini Rafah nazorat punkti orqali tark etmoqda. Bu haqda “Sky News Arabia” xabar berdi.
Aytilishicha, tez yordam mashinalari G‘azo sektorining yarador aholisini qo‘shni davlatga yetkazayotgan bir vaqtda xorijiy pasport egalari Misr hududiga o‘tmoqda. Rasmiylar hozircha bu ma’lumotga izoh bermagan.
“Al Jazeera”ning anklav chegara xizmatiga tayanib xabar berishicha, kamida 81 yarador G‘azo sektorini Rafah nazorat punkti orqali tark etadi.
“Reuters” esa Misr xavfsizlik kuchlaridagi manbasiga tayanib, 1 noyabr kuni ertalab ikki fuqarolikka ega 500 ga yaqin kishi anklavni qo‘shni Misr bilan bog‘laydigan Rafah o‘tish joyi orqali G‘azo sektorini tark etishi mumkinligini yozgan.
Qayd etilishicha, Rafah o‘tish joyini ochish bo‘yicha kelishuv hibsga olinganlarni ozod qilish yoki muzokaralar olib borilayotgan boshqa masalalarga bog‘liq emas. Hozircha Rafah o‘tish joyi evakuatsiya uchun qancha vaqt ochiq qolishi haqida hech qanday jadval yo‘q.
Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli esa X’dagi sahifasida Misr va G‘azo sektori o‘rtasidagi Rafah chegara punkti bugun, 1 noyabr kuni ochilishi kutilayotganini yozgan.
"Rafah o‘tish joyi bugun chet el fuqarolarining birinchi guruhi uchun ochiladi. Britaniya guruhlari fuqarolarimiz chiqib ketishlari bilanoq ularga yordam berishga tayyorlanmoqda. Hayotni qutqaruvchi insonparvarlik yordami G‘azoga imkon qadar tezroq kirib borishi muhim ", deb yozgan TIV rahbari.
Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘azo sektoridagi amerikaliklar soni 500 dan 600 nafargacha baholanmoqda, ularning aksariyati o‘z oilalarini ko‘rishga borgan, biroq Rafah o‘tish joyining bombardimon qilinishi ularning ketishiga bir necha bor to‘sqinlik qilgan. .
Eslatib o‘tamiz, oldinroq HAMAS Rafah orqali G‘azo sektorini tark etishi mumkin bo‘lgan odamlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Ushbu ro‘yxatda 430 ga yaqin kishi, jumladan, Avstraliya, Avstriya, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Finlyandiya, Chexiya va Yaponiya fuqarolari bor edi. Bundan tashqari, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi va anklavda faoliyat yuritayotgan bir qator nodavlat tashkilotlar xodimlariga G‘azodan chiqib ketishga ruxsat berilgandi.
LiveBarchasi