Yuzga yaqin qozog‘istonlik G‘azodan Olmaotaga yetib keldi (foto)
Olam
−
17 noyabr 2023
5329Bugun, 17 noyabr kuni G‘azo sektoridan evakuatsiya qilingan Qozog‘iston fuqarolari Olmaota shahriga yetib keldi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugun 99 nafar yo‘lovchi – Qozog‘iston fuqarolari va ularning oila a’zolari Olmaota shahriga maxsus evakuatsiya bortida eson-omon olib kelindi. Ular aeroportda barcha majburiy tartib-qoidalar bajarilgandan so‘ng vaqtinchalik uy-joy bilan ta’minlanib, zarur huquqiy va tibbiy yordam bilan ta’minlandi”, deyiladi TIV xabarida.
Qayd etilishicha, mazkur operatsiyaning muvaffaqiyatli amalga oshishida Qozog‘istonning Isroil, Iordaniya va Misrdagi elchixonalari ushbu davlatlar vakolatli organlari va xalqaro tashkilotlar yaqindan yordam bergan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Yaqin Sharq mintaqasi tashqi siyosat idoralari rahbariyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ular qozog‘istonliklarning G‘azo sektoridan xavfsiz va so‘zsiz chiqib ketishi bo‘yicha kelishuvga erishgan.
“Qozog‘iston diplomatlari evakuatsiya tadbirlarini tashkil etish va mojaro hududida qolgan Qozog‘iston fuqarolariga yordam ko‘rsatish ustida ishlashda davom etadi”, deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyi boshida Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi G‘azo sektorida 25 ga yaqin oila, jumladan, mamlakat fuqarolari borligini ma’lum qildi.
23 oktyabr kuni G‘azo sektorida Qozog‘iston fuqarosi halok bo‘lgani, u bilan birga qizi ham vafot etgani ma’lum bo‘ldi. Deputat Nuriya Niyozova G‘azo sektorida joylashgan qozog‘istonliklarni uzluksiz aloqa bilan ta’minlashni taklif qildi.
O‘tgan hafta Qozog‘iston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Aybek Smadiyarov G‘azo sektorida hozirda 76 nafar qozog‘istonlik borligini ma’lum qildi. Oila a’zolari bilan birga ularning soni 161 tani tashkil etadi.
LiveBarchasi