Yo‘tal siropidan farzandi vafot etgan ota-onalar 195 ming dollar tovon puli so‘rayapti 

Olam

image

Indoneziya sudi jamoaviy da’voga ruxsat berganidan keyin yo‘tal siropidan bolalari nobud bo‘lgan yoki yaralangan ota-onalar sudga da’vo qildi. Bu haqda BBC xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 2022 yildan beri 200 dan ortiq indoneziyalik bola o‘tkir buyrak shikastlanishi tufayli vafot etgan. Bunga esa ular qabul qilgan yo‘tal siropi sabab bo‘lgan. Qurbon bo‘lganlarning qarindoshlari Indoneziya hukumati va sakkizta farmatsevtika kompaniyasiga qarshi ish qo‘zg‘atgan.

Ta’kidlash joizki, Indoneziya yo‘tal siropi ortidan bolalar halok bo‘lgan yagona davlat emas. Gambiya va O‘zbekistonda ham 100 ga yaqin shu kabi holatlar qayd etilgan.

Manbaga ko‘ra, Indoneziyada tergov davom etmoqda, biroq mahalliy ma’murlar hozircha boshqa mamlakatlardagi ishlar bilan bog‘liqlikni ko‘rsatadigan hech qanday dalil yo‘qligini aytgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa Hindiston va Indoneziyada ishlab chiqarilgan oltita yo‘tal siropi haqida ogohlantirgan.

Sudga murojaat qilgan 25 nafar bolaning ota-onalari da’voda vafot etgan har bir bola uchun 195 ming dollar va jarohatlangan har bir bola uchun taxminan 130 ming dollar tovon puli to‘lanishini talab qilmoqda. Ularning advokati esa boshqa ota-onalar ham da’voga qo‘shilishi mumkin ekanini bildirgan. 

“Hech qanday tovon puli sodir bo‘lgan narsaning o‘rnini bosa olmaydi. Bu bolamni qaytarmaydi. Lekin farzandimning kurashi besamar ketmasligi, uni o‘ldirganlar javob berishi kerak”, deydi 4 yashar qizchasini yo‘qotgan Nur Osiyo.

Farmatsevtika kompaniyalaridan birining advokati esa mas’uliyat faqat farmatsevtika sanoatiga yuklansa, o‘rinli bo‘lmasligi, hukumat ham javobgarlikka tortilishi kerakligini aytgan. Boshqa bir farmatsevtika korxonasi esa o‘zining yo‘tal siropi brendi uchun taxminan 30 yildan beri Indoneziya oziq-ovqat va farmatsevtika idorasining sertifikatiga ega ekani, ingrediyentlarni idora tomonidan tasdiqlangan yetkazib beruvchidan sotib olganini ma’lum qilgan.

“To‘g‘risini aytsam, farmatsevtika kompaniyalari ham xom ashyo yetkazib beruvchilar tomonidan sodir etilgan jinoyat qurboni bo‘lmoqda”, deydi kompaniya advokati.


Indoneziya hukumati farmatsevtika darajasidagi erituvchilarning global tanqisligi sharoitida mahalliy kimyo kompaniyalari siropda sanoat darajasidagi erituvchi moddalar – etilen glikol va dietilen glikoldan foydalanganini aniqlagan. Mazkur ikki modda odatda konditsionerlar va muzlatgichlar uchun antifriz eritmalarida ishlatiladi.

Eslatib o‘tamiz, shunday yo‘tal dorilardan biri bo‘lgan “Dok-1 Maks” siropini O‘zbekistonga olib kirgan “QURAMAX MEDICAL” MCHJning litsenziyasi ham 13 yanvar kuni bekor qilingan edi.

“Dok-1 Maks” va “Ambronol” siropining nojo‘ya ta’siri sababli “o‘tkir buyrak yetishmovchiligi” tashxisi bilan bolalar vafoti bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tergovi doirasida bir qator mansabdorlar, xususan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda uning huzuridagi “Dori vositalari, tibbiy buyum va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK direktori Sardor Kariyev hamda sodir etilgan jinoyatlarga aloqador bo‘lgan uning bir nechta jinoiy sheriklari ish bo‘yicha gumon qilinib ushlangan va ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

“Quramax Medikal” MCHJ advokati Erkin Najmiddinovning sudga ma’lum qilishicha, bugungi kunda “Dok-1 Maks” iste’molidan bolalarning o‘limi sabab 30 dan oshiq shaxs ayblanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan va ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

Ular orasida “Quramax Medikal” MCHJning sobiq rahbari Singh Ragvendra Pratar, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MCHJ mas’ul shaxslari bor.


Maqola muallifi

Teglar

Indoneziya Dok-1 Maks tovon puli Yo'tal siropi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made