Yuridik universitetning sobiq rektori yangi lavozimga tayinlandi
Jamiyat
−
29 avgust 2019
10828Avvalroq, Yesemurat Sultamuratovich Kanyazov O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri o‘rinbosari – Toshkent davlat yuridik universitetining rektori lavozimidan ozod qilingani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining bugun, 29 avgustdagi buyrug‘i bilan Yesemurat Kanyazov Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Yesemurat Kanyazov 1971 yil 13 iyulda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Shumanay tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy, huquqshunos, yuridik fanlar nomzodi.
1993 yil Moskva davlat avtomobil-yo‘llar institutini, 1999 yilda Qoraqalpoq davlat universitetini tamomlagan.
U o‘z mehnat faoliyatini 1993 yilda “Qoraqalpoqavtoyo‘l” Davlat aksionerlik birlashmasining yo‘llar ekspluatatsiyasi bo‘limida sttajyorlikdan boshlagan, so‘ng yo‘l fondi inspeksiyasida yurist-maslahatchi vazifasini bajargan.
1996-1999 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligida maslahatchi, bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i vazifasini bajaruvchi va bo‘lim boshlig‘i vazifalarida ishlagan.
1999-2001 yillarda o‘z mehnat faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Adliya vazirligi tizimida davom ettirib, iqtisodiy islohotlar bo‘yicha qonun va me’yoriy hujjatlar loyihalarining yuridik ekspertizasini tayyorlash va amalga oshirish boshqarmasining yetakchi maslahatchisi, bosh maslahatchi, bo‘lim boshlig‘i vazifalarida faoliyat olib borgan. 2001 yil aprelidan oktyabriga qadar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining yordamchisi, 2001-2005 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida iqtisodiy qonunchilik boshqarmasining boshlig‘i, 2005-2011 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining o‘rinbosari, 2011-2013 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining birinchi o‘rinbosari, 2013-2017 yillarda Toshkent davlat yuridik universitetining rektori bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan 2010 yilda “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.