Yuridik universitetning Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SHAvkat Mirziyoyev "Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining "Huquqiy axborot" kanalida xabar berildi.

Qaror bilan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatining huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida yuridik kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali tashkil etildi.

Filialning asosiy vazifasi yurisprudensiya sohasida bazaviy va amaliy kasbiy tayyorgarlikni ta’minlashga qaratilgan o‘quv rejalari va dasturlari asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash hisoblanadi.

Filialga adliya vaziri taqdimiga binoan Hukumat tomonidan lavozimiga tayinlanadigan va lavozimidan ozod qilinadigan direktor rahbarlik qiladi.

Shuningdek, qaror bilan Toshkent davlat yuridik universiteti Ixtisoslashtirilgan filialining samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Filialda “huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” soha mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash bakalavriatning uch yillik dasturi bo‘yicha diplom berilgan holda amalga oshiriladi.

Filialda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash” mutaxassisligi bo‘yicha oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan kadrlar ham qayta tayyorlanadi.

Filial bakalavriatiga qabul kvotasi yiliga 255 kishini, 6 oylik kursga esa 50 kishini tashkil etadi hamda o‘qitish davlat grantlari asosida amalga oshiriladi.

Filial diplomi ichki ishlar organlariga Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida maxsus kasbiy tayyorgarlikni o‘tmasdan, “leytenant” maxsus unvoni berilgan holda xizmatga qabul qilish uchun asos bo‘ladi.

Bakalavriat dasturi bo‘yicha Filialga qabul tanlov asosida amalga oshiriladi. 

6 oylik kurslarga Ichki ishlar vaziri va Milliy gvardiya qo‘mondoni tavsiyalari asosida oliy noyuridik ma’lumotli xodimlar va harbiy xizmatchilar lavozimi va pul ta’minoti saqlab qolingan holda qabul qilinadi.

Filialda o‘qishni tamomlagan shaxslar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jamoat xavfsizligini ta’minlash tizimida kamida 5 yil ishlab berish majburiyatini oladilar.

2019 yil 1 sentyabrgacha hududlarning yuridik kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda Toshkent davlat yuridik universitetining hududiy filiallarini tashkil etish yuzasidan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.


Maqola muallifi

Teglar

TDYuU Prezident-qarori profilaktika

Baholaganlar

57

Reyting

1.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing